Suriyaning muvaqqat konstitutsiyasi qabul qilindi

Olam

image

Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara besh yillik o‘tish davri uchun mo‘ljallangan vaqtinchalik konstitutsiyaviy deklaratsiyani imzoladi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Ahmad ash-Shara hujjatni imzolash asnosida ushbu deklaratsiya “Suriya tarixining yangi bosqichini boshlab berishi”ga umid bildirgan. Deklaratsiyada avvalgi Suriya konstitutsiyasining ayrim moddalarini saqlab qolish nazarda tutilgan. Jumladan, mamlakat prezidenti musulmon bo‘lishi shartligi va islom huquqi respublikadagi qonunchilikning asosiy manbai ekani qayd etilgan.

BBC xabariga ko‘ra, hujjatda hokimiyat tarmoqlarining ajratilishi va sud tizimining mustaqilligi mustahkamlangan. Shuningdek, ayollar huquqlari, fikr bildirish erkinligi va ommaviy axborot vositalari erkinligi kafolatlanadi. Deklaratsiyada Bashar Asad rejimi davrida sodir etilgan jinoyatlar uchun sud javobgarligiga tortish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Muvaqqat konstitutsiyaviy deklaratsiya Suriya Xalq kengashiga (parlamentga) prezidentni lavozimidan chetlatish yoki uning vakolatlarini cheklash huquqini beradi. Biroq “Al Jazeera”ga ko‘ra, bunday chora amaliyotda qiyin bo‘lishi mumkin, chunki parlamentning uchdan bir qismini prezidentning o‘zi tayinlaydi, qolganlari esa uning tanlagan qo‘mitasi tomonidan shakllantiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi Suriya muvaqqat hukumati “Suriya demokratik kuchlari” (SDF) bilan kelishuvga erishilganini e’lon qilgan edi. Ushbu kelishuv doirasida Kurd avtonom ma’muriyatining fuqarolik va harbiy institutlari Suriya hukumati tarkibiga qo‘shiladi. Shartnomada Suriya shimoli-sharqidagi muayyan ob’ektlar, jumladan, chegara postlari, aeroport hamda neft va gaz konlari ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu kelishuv 2025 yil oxirigacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya konstitutsiya Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing