Suriyaning yangi hukumati SDF bilan tarixiy kelishuvga erishdi
Olam
−
11 mart 4484 2 daqiqa
Suriya o‘tish davri hukumati mamlakatdagi kurdlar bilan kelishuvga erishdi, bu esa Kurd avtonom ma’muriyatining yangi Suriya hukumat tarkibiga integratsiyasini nazarda tutadi. Bu haqda “North Press Syria” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, kecha, 10 mart kuni yangi Suriya muvaqqat hukumati “Suriya demokratik kuchlari” (SDF) bilan kelishuvga erishilganini e’lon qilgan. Ushbu kelishuv doirasida Kurd avtonom ma’muriyatining fuqarolik va harbiy institutlari Suriya hukumati tarkibiga qo‘shiladi.
Shartnomada Suriya shimoli-sharqidagi muayyan ob’ektlar, jumladan, chegara postlari, aeroport hamda neft va gaz konlari ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu kelishuv 2025 yil oxirigacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Nashrning yozishicha, Asad rejimi ag‘darilgach, yangi Suriya hukumati Ahmad ash-Shara boshchiligida mamlakatda faoliyat yuritayotgan qurolli guruhlarni tarqatib yuborishga va butun hudud ustidan nazorat o‘rnatishga harakat qilmoqda. Shu bilan birga, SDF bilan bitim imzolanishi g‘arbiy Suriyaning qirg‘oqbo‘yi mintaqalarida – asosan alaviy ozchiligi yashovchi hududlarda jangovar harakatlar va ommaviy sudsiz qatl etish holatlari kuzatilgan bir paytga to‘g‘ri kelgan. Ma’lumki, alaviylar Bashar Asad mansub bo‘lgan diniy jamoa hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Suriyaning qirg‘oqbo‘yi hududlarida hokimiyatdan ag‘darilgan Bashar Asadga mansub alaviylar qo‘zg‘oloni boshlangandi. Bu isyon xavfsizlik kuchlari bilan qurolli to‘qnashuvga aylandi. Hukumat kuchlariga qarshi kurashayotganlar orasida shimolda yashovchi kurdlar va janubiy hududlardagi druzlar ham bo‘lgan.
Suriya inson huquqlari bo‘yicha kuzatuv markazi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu to‘qnashuvlar oqibatida 1 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan. Yuzlab tinch aholi vakillari esa Rossiyaning Xmeymim harbiy bazasiga boshpana izlab kelgan.
Kecha, 10 mart kuni Suriya Mudofaa vazirligi vakili Hasan Abdul G‘ani to‘qnashuvlar sodir bo‘layotgan Suriyaning Latakiya va Tartus viloyatlaridagi vaziyat barqarorlashganini ma’lum qildi.
Live
Barchasi