Suriyaning 60 foiz aholisi ocharchilik ostonasiga kelib qoldi
Olam
−
19 fevral 2021
5455Suriya aholisining 12 milliondan ortig‘i yoki deyarli 60 foizi ocharchilikka yuz tutishi mumkin. Bir oy davomida oziq-ovqat mahsulotlarining minimal to‘plami narxi o‘rtacha ish haqidan oshib ketishi kutilmoqda. Bu haqda Jahon oziq-ovqat dasturi xabar bergan.
Suriyada pandemiya avj olmoqda, u mojarolar, iqtisodiy inqiroz va oziq-ovqat narxlarining osmonga ko‘tarilishi bilan birga haqiqiy falokatga aylangan.
Ko‘plab suriyaliklar ishidan ayrilib, tilanchilar "armiyasi"ga qo‘shilgan.
"Vaziyat hech qachon bu qadar qiyin bo‘lmagan. Taxminan o‘n yillik to‘qnashuvlardan so‘ng, jamg‘armalarini allaqachon tugatgan suriyalik oilalar tobora kuchayib borayotgan iqtisodiy inqirozga duch kelmoqda", degan Jahon oziq-ovqat dasturi vakili va Suriya bo‘yicha mamlakat direktori Shon O'Brayen.
Jahon oziq-ovqat dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, bir oy davomida bitta oilani boqish uchun asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi 234 dollarni tashkil etadi, bu esa mamlakatdagi o‘rtacha ish haqidan ancha yuqori.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari deyilganda non, guruch, yasmiq, sariyog‘ va shakar nazarda tutilmoqda.
So‘nggi bir yilda mamlakatda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi 236 foizga o‘sgan.
"Mamlakat bo‘ylab suriyalik oilalar uchun hatto odatiy oziq-ovqat mahsulotlari ham topilmasligi juda qo‘rqinchli. Yangi ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, endi gumanitar yordamsiz farzandli oilalar stollarida hech narsa bo‘lmaydi, ular och yotishga majbur bo‘ladi", degan O'Brayen.
Tashqi yordamsiz omon qolishi mumkin bo‘lmagan suriyaliklar soni bir yil ichida ikki baravarga ko‘payib, 1,3 millionga yetgan. Agar shoshilinch choralar ko‘rilmasa, yaqin kelajakda ushbu "to‘ymas armiya" yana 1,8 million kishi bilan "boyitiladi".
Bugungi kunda ko‘plab suriyalik oilalar o‘z farzandlarini boqishga urinib, qarzga botib, mol-mulk va chorva mollarini sotmoqda.
Suriyaliklarning 50 foizga yaqini iqtisodiy tanazzul va COVID-19 pandemiyasi tufayli ishidan yoki boshqa daromad manbalaridan mahrum bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida, Jahon oziq-ovqat dasturi har oyda Suriyaning eng zaif aholisidan bo‘lgan 5 million kishiga oziq-ovqat masalasida muhim yordam beradi.
LiveBarchasi