Suriyaliklar Qurbon hayiti arafasida uyiga qaytmoqda

Olam

image

Suriya fuqarolari yillar davomida urush sababli Turkiyada yashagan bo‘lsalar-da, Qurbon hayiti yaqinlashar ekan ommaviy ravishda o‘z yurtlariga qaytishni boshladi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Turkiyaning Kilis viloyatidagi Onjupinar chegara punkti vataniga qaytishni istagan suriyaliklar bilan to‘lib-toshgan.

“Ular Suriya hududiga doimiy ravishda qaytish uchun kerakli hujjatlarni rasmiylashtirmoqda”, deyiladi xabarda.

25 yoshli Ahmad Ismoil nashrga bergan intervyusida 7 yil avval urush tufayli Suriyani tark etgani va Turkiyada boshpana topganini aytgan.

“Bu yillar davomida qalban vatanimda edim. Urush tugadi, men esa qaytyapman. Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga va turk xalqiga minnatdorchilik bildiraman. Qurbon hayitini vatanda nishonlash baxtini boshdan kechirmoqdaman”, degan u.

Qolaversa, 19 yoshli Ekrem Umar ham urush tugaganidan so‘ng vataniga qaytish qarorini qabul qilganini aytgan.

“Bayramni oilam bilan o‘z yurtimda o‘tkazishdan juda xursandman”, degan yurtiga qaytayotgan fuqaro.

23 yoshli Zayd Al-Jubaydi esa urushdan qochib Turkiyaga kelgani va endilikda o‘z hududida tinchlik tiklanganidan so‘ng vataniga qaytayotganini bildirgan.

“Oilamni 4 yildan beri ko‘rmagan edim. Ularni yana ko‘rish va bayramni birga o‘tkazish quvonchini boshdan kechiryapman. Turkiyaga va turk xalqiga har doim rahmat”, deya so‘zini yakunlagan u.

Asadning ag‘darilishi

2024 yilning noyabr oyi oxirida “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi Suriya shimoliy qismiga yurishni boshladi. Ular Idlib viloyatini, mamlakatdagi aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi Halab shahrini, Hama va Homs viloyatlari hududlarining bir qismini o‘z nazoratiga oldi. Shundan so‘ng Damashqqa kirdi. Sobiq prezident Bashar Asad esa oilasi bilan mamlakatdan qochib ketdi va Rossiyadan boshpana oldi. Mamlakatga yangi hokimiyat o‘rnashgach, Rossiyadan bir necha marta sobiq prezidentni topshirishni so‘radi, ammo Rossiya hukumati bu so‘rovlarni rad etdi.

Eslatib o‘tamiz, Bashar Asad rejimi ag‘darilgandan so‘ng mamlakatda hayot qaytgandek bo‘ldi. Hokimiyatga kelgan “Hayat Tahrir ash-Shom” mintaqada bir necha o‘zgarishlar, xususan, hijob cheklovi, qattiq jazolashni bekor qildi. Ko‘chalarda ko‘plab piyodalar va mashinalar harakatlana boshladi, ba’zi do‘kon va restoranlar ochiq. Qolaversa, Yevropa Ittifoqi kengashi Suriyaga nisbatan qo‘llanilgan barcha iqtisodiy cheklov choralarini (faqat xavfsizlik bilan bog‘liq sanksiyalar bundan mustasno) bekor qilish to‘g‘risida yuridik hujjatlarni qabul qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Qurbon hayiti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing