Suriyalik muhojir Germaniya parlamentiga ko‘z tikkan. U deputat bo‘lmoqchi
Olam
−
25 fevral 2021
3151Deyarli 6 yil oldin Tarek Alaus Egey dengizini rezina qayiqda kesib o‘tdi. Keyin Gretsiyaning poytaxti Afinadan Avstriyaning poytaxti Venagacha piyoda bordi. Bugun esa Suriyada harbiy xizmatdan qochgan muhojir Germaniya parlamentidan joy olishga harakat qilmoqda. Bu haqda “Reuters” nashri yozyapti.
Ma’lum qilinishicha, suriyalik muhojirning oldindagi rejasi – 26 sentyabr kuni Germaniyada bo‘lib o‘tadigan milliy saylovlarda mamlakatning G‘arbidagi sobiq ko‘mir qazib olinadigan mintaqaning “Yashillar” partiyasidan nomzodini ilgari surish.
Suriyalikning ushbu huquqqa ega bo‘lishi uchun saylovlarga qadar uning Germaniya fuqaroligini olish uchun topshirgan arizasi qabul qilinishi kerak.
Yashillarga ko‘ra, Suriyadan kelgan Alaus federal parlamentga saylangan birinchi qochoq bo‘ladi.
Nashrning yozishicha, Alaus 2015 yilda Germaniyaga kelganida, ko‘p yillardan beri birinchi marta o‘zini xavfsiz his qilgan, aniqrog‘i hayratga tushgan.
Alaus – kansler Angela Merkel 2015 yilda qochqinlar uchun chegaralarni ochganidan keyin Germaniyaga kirib kelgan yuz minglab muhojirlardan biri.
“Germaniyada 2015 yilga qadar ham qochoqlar bo‘lgan. Ular bu yerda anchadan beri yashaydi. Jamiyatning bir qismiga aylangan bu odamlar amaldagi demokratik siyosatda o‘z ovoziga ega bo‘lishining vaqti keldi”, deydi qochqin Alaus.
Alausga ko‘ra, qochqinlar Germaniyada tizimli kamsitishlarga duch kelmoqda. Ularga irqchilik va boshpana to‘g‘risidagi qonunlar ta’sir qilyapti va suriyalik qochqin ushbu sohalarda o‘zgarishlarni amalga oshirishni xohlamoqda.