Suriyaga kafil davlatlar Idlibda kuchini ko‘rsatadimi?
Olam
−
16 fevral 2019
12574Suriya Arab Respublikasining Idlib viloyatida radikal guruhlarga qarshi Turkiya, Rossiya va Eron hamkorligida harbiy operatsiyalar o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Sochidan qaytayotganda ma’lum qildi.
Joriy yilning 14 yanvar kuni Suriyada tinchlik o‘rnatilishiga kafil davlatlar – Rossiya, Eron va Turkiya rahbarlari Vladimir Putin, Hasan Ruhoni va Rajab Toyib Erdo‘g‘an Sochi shahrida navbatdagi uch tomonlama uchrashuvni o‘tkazdi. Bu uch tomonlama uchrashuvlarning to‘rtinchisi bo‘ldi.
Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Idlib viloyatidagi deeskalatsiya hududida tinchlikni saqlab qolish sammitning eng asosiy mavzularidan biri bo‘lgan.
“Qo‘shma operatsiyalar (RF va Eron bilan) vaziyatning qay yo‘sinda rivojlanishiga qarab, har qanday vaqtda o‘tkazilishi mumkin. Buning uchun hech qanday to‘siq yo‘q. Biz uchun Idlib aholisining xavfsizligi muhim”, degan Erdo‘g‘an jurnalistlarga.
Erdo‘g‘an qo‘shimcha tarzida Turkiya va Rossiya harbiylari Idlib bo‘yicha memorandumni amaliyotga joriy qilish uchun jadal ish olib borayotganini aytgan.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning 17 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Rossiya va Turkiya davlat rahbarlari uchrashuvi yakunida ikki davlat mudofaa vazirlari Suriyaning Idlib viloyatidagi deeskalatsiya hududida vaziyatni barqarorlashtirish va mintaqada demilitarizatsiyalangan zona yaratish bo‘yicha memorandum imzolagandi.