Suriyadagi terroristik guruhlarga pul jo‘natgan andijonlik oshpaz qamaldi

3-sahifa

image

Andijon viloyatidan Suriyada faoliyat yuritayotgan terroristik tashkilotlarga pul jo‘natib turgan shaxs 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Andijon shahridagi parhez taomlar oshxonasida oshpaz bo‘lib ishlovchi Z.M. o‘z telefoni yordamida Instagram, Telegram, WhatsApp tarmoqlarida profillar ochib, ular orqali diniy-ekstremistik tashkilotlarning “hijrat” va “jihod” to‘g‘risidagi materiallarini tinglab, tomosha qilib borgan.

Shuningdek, u Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” hamda “G‘uroba katibasi” terroristik tashkilotlari safida bo‘lgan andijonlik 3 fuqaro bilan 2023 yilning may oyidan muloqotga kirishib, ularning ta’sirida Suriyaga ketishni maqsad qilgan. Lekin, oilaviy muammolar sababli rejasi amalga oshmagan.

Bundan tashqari, 2023 yilning avgust-dekabr oylari davomida ushbu fuqarolarning oila a’zolari va tanishlari bergan jami 7150 AQSH dollari hamda 41 million 230 ming so‘m pul mablag‘ini mobil ilovalardan foydalangan holda, kriptovalyuta bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning hisob raqamlariga o‘tkazish orqali ularga yetkazib bergan. Ya’ni, ular ushbu pul mablag‘larini kriptovalyuta bilan shug‘ullanuvchi shaxslardan o‘zlari uchun zarur bo‘lgan xorijiy valyuta ko‘rinishida qabul qilib olgan.

Shu bilan birga, Z.M. ulardan birining shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘i bo‘lgan, Toshkent shahrida yashovchi ayolni 2023 yilning 19 dekabr kuni “Do‘stlik” chegara o‘tkazish punkti orqali Qirg‘izistonga o‘tkazib, kelgusida Turkiya orqali Suriyaga yetib borishi uchun O‘sh shahridagi aeroportga kuzatib qo‘ygan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida Z.M.ning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan. U 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Qayd etilishicha, Suriyadagi 3 nafar andijonlikdan biri qurolli to‘qnashuvlarda ayanchli o‘lim topgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Abu Valid“ laqabi bilan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga Suriya janglaridan videolar joylab borayotgan Xudoyor Baxtiyor o‘g‘li Nuriddinovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Andijon terror

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing