Suriyada Turkiyaga qarshi namoyishlarda yetti kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Kecha, 1 iyul kuni Suriyaning shimoli-g‘arbiy hududida yuzaga kelgan Turkiyaga qarshi namoyishlarda kamida yetti kishi halok bo‘ldi, 20 dan ortiq kishi yaralandi. Bu haqda Suriya Inson huquqlari monitoringi markazi ma’lum qildi.

Tashkilotga ko‘ra, namoyishlarda yuzlab odamlar ishtirok etgan, ularning bir qismi qurollangan. Ular Turkiya bayroqlarini yirtib tashlagan. Afrin va Jarabulus shaharlarida namoyishchilar bilan turk askarlari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib, bu esa o‘lim holatiga olib kelgan. 

Namoyishlardan bir kun oldin, 30 iyun kuni Turkiyaning markaziy qismidagi Kayseri shahrida Suriyaga qarshi ommaviy norozilik bo‘lib o‘tgandi. Mahalliy aholi kechqurun Suriyadan kelgan qochqinlarga tegishli do‘konlar va mashinalarga o‘t qo‘ydi. Oqibatda Kayseridagi tartibsizliklarda 14 nafar politsiyachi va bir o‘t o‘chiruvchi tan jarohati oldi. 67 kishi hibsga olingan.

Norozilik kayfiyatiga 26 yoshli suriyalik yigitning yetti yoshli qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgani sabab bo‘lgan. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, qizcha ham suriyalik oiladan bo‘lgan. Mahalliy politsiya boshlig‘i namoyishchilarga erkakka barcha qonuniy choralar qo‘llanilishi, jumladan, uni deportatsiya qilishga va’da bergan. Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya esa qiz va uning oilasi Turkiya davlati himoyasiga olinganini qo‘shimcha qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Turkiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing