Suriyada ikki avtobus to‘qnashib ketdi. O‘nlab qurbonlar bor
Olam
−
25 iyul 1734 2 daqiqa
Suriyada ikki avtobus ishtirokida sodir bo‘lgan yirik yo‘l-transport hodisasi oqibatida kamida 35 kishi halok bo‘ldi, yana 30 kishi jarohat oldi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligiga tayanib, “Al Jazeera” xabar qildi.
Qayd etilishicha, fojia bugun, 25 iyul kuni Suriya sharqini poytaxt Damashq bilan bog‘lovchi, uzunligi 400 kilometrdan ortiq bo‘lgan Dayr az-Zur – Damashq avtomobil yo‘lida – as-Suxna va Palmira shaharlari oralig‘ida sodir bo‘lgan.
Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, avtobuslardan biri Ichki xavfsizlik kuchlari xodimlarini, ikkinchisi esa fuqarolarni olib ketayotgan bo‘lgan. Vazirlik hodisa joyiga tez yordam mashinalari yuborilganini bildirgan.
Suriya davlat axborot agentligi (SANA) xabariga ko‘ra, jabrlanganlarni Homs harbiy gospitaliga evakuatsiya qilish uchun voqea joyiga bir nechta vertolyot ham jalb qilingan.
Faollarning ta’kidlashicha, mazkur avtomobil yo‘li xavfsizlik talablariga javob bermasligi bilan tanilgan bo‘lib, bu Suriyada qariyb 14 yil davom etgan fuqarolar urushi oqibatida mamlakat fuqarolik infratuzilmasining og‘ir ahvolga tushib qolganini aks ettiradi.
Tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarga javob berish vaziri Rayed al-Saleh o‘tgan yilning oktyabr oyida yanvar oyidan sentyabr oyi oxiriga qadar mamlakatda 2 mingdan ortiq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganini, bunday hodisalar Suriyada o‘limning asosiy sabablaridan biri ekanini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 25 iyul kuni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 2009 yildan beri ilk bor Suriyaga tashrif buyurgandi. Suriya davlat axborot agentligining ma’lum qilishicha, Guterrishni Damashqdagi prezident saroyida mamlakat Prezidenti Ahmad ash-Sharaa qabul qilgan.
Live
Barchasi