Suriyada Asad tarafdorlari va yangi hukumat kuchlari to‘qnashdi (video)

Olam

image

Suriya yangi hukumatining xavfsizlik xizmati xodimlaridan kamida 13 nafari sobiq prezident Bashar Asad tarafdorlari va qo‘shinlari bilan to‘qnashuvlar oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

To‘qnashuvlar Suriya g‘arbidagi Jabla shahrida sodir bo‘lgan. Nashrning yozishicha, bu shahar Asad va uning oilasining mansub bo‘lgan alaviylar jamoasining yashash joyi hisoblanadi.

“Sky News Arabia”ga ko‘ra, Suriya xavfsizlik kuchlari kecha, 6 mart kuni Asad davrining maxsus bo‘linmalari sobiq komandiri Suhel al-Hasanga aloqador qurolli guruhlar bilan g‘arbiy hududda janglar olib borayotganini xabar qilgan.

Latakiya viloyatining jamoat xavfsizligi boshqarmasi direktori Mustafa Knefati “Asad qo‘shinlarining qoldiqlari” oldindan rejalashtirilgan va maqsadli hujumlarni amalga oshirganini, ular xavfsizlik kuchlari nazorat punktlariga va patrullarga hujum qilib, ko‘plab askarlarning o‘limiga va jarohatlanishiga olib kelganini aytgan.

“Reuters”ning yozishicha, hozirgi to‘qnashuvlar 2024 yil dekabrida hokimiyatga kelgan yangi hukumat uchun yuzaga kelgan “eng shiddatli zo‘ravonliklar”dan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabr oyida Suriya sobiq prezidenti Bashar Asadga qarshi muxolifat kuchlar Damashqqa kirib, mamlakatda hokimiyatni qo‘lga kiritgandi. Bashar Asad esa Rossiyadan boshpana olib, mamlakatni tark etgan. Asadga qarshi kuchlar Ahmad ash-Shara rahbariyati ostida birlashdi. Uning o‘zi esa Suriya o‘tish davri prezidenti etib tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Bashar Asad Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing