Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

Suriya Turkiyaga o‘z hududidan harbiy baza berishi mumkin – OAV

Olam

image

Turkiya Suriyaning markaziy qismida harbiy aviabazalar tashkil qilishi mumkin. Variant sifatida Palmira yaqinidagi harbiy aerodrom hamda Tiyas qishlog‘i yaqinidagi T4 aviabazasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda kecha, 4 fevral kuni Suriya va Turkiya hukumatlaridagi manbalariga tayanib, “Reuters” va Misrning “Mada Masr” portali xabar berdi.

Xuddi shu kuni Suriyaning yangi yetakchisi Ahmad ash-Shara Anqaraga borib, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashgandi. Ash-Shara ikki davlat “mintaqadagi xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurash“ va “strategik sheriklik o‘rnatish” bo‘yicha hamkorlik qilayotganini ta’kidlagan.

Turkiya yetakchisi uchrashuvda shimoliy-sharqiy Suriyadagi kurd harbiy tuzilmalari bilan birgalikda kurash olib borish hamda Isroil armiyasini Jo‘lon tepaliklari hududidan olib chiqish masalasi muhokama qilinganini bildirgan. Muzokaralar yakunida hech qanday bitim imzolanmagan.

Uchrashuvdan oldin bir qator OAV ikki tomon mudofaa pakti ustida ishlayotganini va u Turkiya tomonidan harbiy bazalar tashkil etilishi hamda Suriyaning harbiy xizmatchilari tayyorgarligiga doir bandlarni o‘z ichiga olishini yozgan edi. “Mada Masr” nashrining Suriya xavfsizlik kuchlaridagi manbasiga ko‘ra, Turkiya aviabazalar va havo mudofaa tizimlarini yaratish ustida ishlamoqda va tez orada Suriya bilan o‘zaro mudofaa bo‘yicha shartnoma imzolashi mumkin. Bu Turkiyaga Suriya havo hududidan harbiy maqsadlarda foydalanish imkoniyatini beradi.

Manbaga ko‘ra, bazalar Tiyas va Palmira hududlarida joylashtirilishi mumkin. Ikkala aholi punkti ham mamlakat markazidagi Homs viloyatida joylashgan bo‘lib, bir-biridan 60 km uzoqlikda o‘rin olgan. Hozirda ushbu harbiy ob’ektlar Suriya harbiy-havo kuchlariga tegishli.

Al Jazeera” telekanaliga ko‘ra, Turkiya allaqachon Suriyaning shimoliy qismida, davlat chegarasi yaqinida harbiy bazalarga ega. Ular mamlakatni kurd tuzilmalari tahdididan himoya qilish uchun tashkil etilgan. Kanal muxbiri Ash-Shara va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi muzokaralarni yoritarkan, ular yangi mudofaa paktini muhokama qilganini bildirgan.

“Ular yangi harbiy bazalar haqida gapiryapti. Ularning joylashuvi hozircha noma’lum”, deydi jurnalist.

Muzokaralar arafasida “Reuters” ham manbalarga tayanib, Anqara va Damashq mudofaa pakti ustida ishlayotganini va bu kelishuv Turkiyaning Suriya hududida ikkita yangi aviabaza yaratishi, harbiy maqsadlarda Suriya havo hududidan foydalanishi hamda yangi Suriya armiyasini tayyorlashda yetakchi rol o‘ynashini nazarda tutishi mumkinligini xabar qilgan.

“Reuters” xabarida yangi bazalar aniq qayerda joylashishi haqida ma’lumot berilmagan, biroq ular Suriyaning cho‘l hududi – Badiyatda paydo bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Aynan shu hududda Tiyas va Palmira joylashgan.

Keyinchalik “Reuters”ning mintaqadagi razvedka xizmatlaridan biridagi manbasi Palmira va Tiyas bazalarining joylashuv ehtimolini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara bu hududlarda kurdlarga qarshi kurash olib borish uchun tayanch nuqtalar yaratmoqchi. Manba, shuningdek, hozircha mudofaa pakti imzolanmaganini ham tasdiqlagan.

Rossiya Suriya bilan muloqotni davom ettiradi north_east

Rossiya Suriya bilan muloqotni davom ettiradi

Ma’lumot uchun, joriy yil 3 fevral kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov Suriyadagi Rossiya bazalarining kelajakdagi taqdiri bo‘yicha qo‘shimcha muzokaralar zarurligini bildirgan. Moskva hali ham Tartus portidagi harbiy-dengiz bazasi hamda Latakiya shahri yaqinidagi aviabazani saqlab turibdi. Ularning ikkalasi ham O‘rtayer dengizi sohilida, Tiyas va Palmira hududlaridan 150 km uzoqlikda joylashgan.

Biroq oldinroq Turkiyaga o‘tishi mumkin bo‘lgan bazalarda ham Rossiyaning harbiy ishtiroki kuzatilgan. Rossiya aviatsiyasi ilgari Tiyas bazasidan “uchish aerodromi” sifatida foydalangan. U yerda, shuningdek, Eron bilan bog‘liq harbiy guruhlar joylashgan. 2016 yilda “Associated Press” agentligi Rossiya harbiylari Palmira aerodromini qayta jihozlashga uringani haqida xabar bergan. Biroq u yerda to‘liq huquqli harbiy baza tashkil etilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tiyas va Palmira hududlaridagi ikkita yangi bazada Turkiya harbiy-havo kuchlarining 50 tagacha F-16 qiruvchi samolyoti joylashtirilishi mumkinligi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Turkiya harbiy baza

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing