Suriya Turkiyadan yordam so‘radi

Olam

image

Suriyalik rasmiylar Turkiyadan o‘z mudofaa salohiyatini kuchaytirish va terrorchilikka qarshi kurashish bo‘yicha rasmiy yordam so‘radi. Bu haqda Turkiya Mudofaa vazirligidagi manbalarga tayanib, TRT Haber telekanali xabar berdi.

“Suriyalik rasmiylar Turkiyadan rasmiy ravishda yordam so‘radi – bu yordam, asosan, mudofaa imkoniyatlarini mustahkamlash va ISHID boshchiligidagi terroristik guruhlarga qarshi kurashish bo‘yicha bo‘ladi”, deyiladi xabarda. 

Turkiya Mudofaa vazirligi esa Suriyaga yordam berishi va mamlakatni doimgidek qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. 

“Turkiya Suriyaning hududiy yaxlitligini saqlash, mamlakatda barqarorlikni ta’minlash va terrorchi tashkilotlarga qarshi kurashish masalalarida qat’iy pozitsiyada qolmoqda”, deyiladi xabarda. 

OAVlar hozircha Suriyaga qanday uslubda yordam ko‘rsatilishi, mamlakat hududiga qo‘shin kiritish imkoniyati haqida aniq ma’lumot bermagan. 

Suriyadagi janglar

13 iyul kuni Suriyaning janubidagi Suvayda viloyatida druzlar va badaviylar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi. Mojaroga bir druz savdogarining kaltaklanib, o‘g‘irlab ketilishi sabab bo‘ldi. Bu voqea zo‘ravonlik avj olishiga olib keldi. 14 iyul kuni Suriya hukumati Suvayda shahriga qo‘shin kiritdi.

Shundan so‘ng, mojaroga Isroil ham aralashib, Damashqdagi Suriya harbiy ob’ektlariga havo hujumlari uyushtirdi. 16 iyul kuni Isroil harbiy-havo kuchlari Damashqdagi Prezident saroyi, Bosh shtab va Mudofaa vazirligiga hujum qildi. Shu kuni mahalliy guruhlar vositachiligida Suvaydada yana sulhga erishildi, biroq bunga parallel ravishda Isroil aviatsiyasi poytaxt va Daraa shahriga zarbalar berdi.

Ma’lumot uchun, druzlar o‘ziga xos arab tilida so‘zlashuvchi etno-konfessiyaviy guruh bo‘lib, ularning vakillari Suriya, Livan, Isroil va Iordaniyada yashaydi. Suriyada 700 ming druz istiqomat qiladi, bu ularni kurdlar va alaviylardan keyin mamlakatdagi uchinchi yirik diniy va etnik ozchilik qiladi.

Suriya inson huquqlari observatoriyasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Suvaydadagi zo‘ravonliklarda kamida 718 kishi halok bo‘lgan. Suriyalik inson huquqlari faollari 146 druz jangchisi va 245 tinch aholining o‘limini qayd etgan. Bundan tashqari, Suriya armiyasining 287 askari va 18 badaviy jangchisi, shuningdek, uch badaviy halok bo‘ldi. Qarorgohi Londonda joylashgan Suriya inson huquqlari markazining ma’lum qilishicha, Isroil havo hujumlarida yana 15 nafar suriyalik askar halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya IShID Turkiya Suvayda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing