Suriya xushlamagan prezident Bashar Asad kim?

Tahlil

Suriyani “temir musht” bilan boshqargan sobiq yetakchi Bashar Asad “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhining yurishlaridan keyin mamlakatdan chiqib ketdi. Uning ketishi va Asad rejimining qulashi mintaqada, shu bilan birga, xalqaro miqyosda ham “bayram” sifatida kutib olindi. Mamlakatda yoppasiga inson huquqlari va demokratiya qayta tiklanayotgandek ko‘rsatilmoqda. Biroq nega Asad rejimi shu qadar chigal va suriyaliklar nega undan bunchalik g‘azab otiga mingan? Bu rejimning ildizi qanday kurtak ochgan va yakuni nima bilan barham topdi? Biz bugun shu haqda, Asad va uning oilasi, rejimi haqida gapiramiz.

Bashar Asad kim?

Aslida 50 yildan ortiq davom etgan avtokratik oila sulolasining ikkinchi avlodi sanalgan Bashar Asadga hokimiyat otasi Hofiz Asaddan meros qolgan.

Bashar Asad Suriyada 2011 yildan buyon davom etayotgan fuqarolar urushi davrida o‘z mamlakatini shafqatsiz boshqarishi bilan tanilgan. Bu urush mamlakatni vayronaga aylantirgan, ekstremistik guruhlar, xususan, ISHID uchun zamin yaratgan va millionlab odamlarning uy-joyidan mahrum bo‘lishiga olib kelgan.

Urush Asad rejimi “Arab bahori” davrida ommaviy demokratiya talablariga qaratilgan namoyishlarni bostirishdan bosh tortganidan so‘ng boshlangan. O‘sha davrda tinch namoyishlarga qarshi qatag‘onlar o‘tkazilib, minglab odamlar qatl etilgan va qamoqqa tashlangan. Bashar Asadning kuchlari 13 yillik urush davomida fuqarolarga qarshi kimyoviy qurollar qo‘llash kabi ko‘plab inson huquqlari buzilishlarida ayblangan. AQSH, Iordaniya, Turkiya va Yevropa Ittifoqi urush boshida Asadning iste’fosini talab qilgan.

Biroq, G‘arb sanksiyalariga qaramay, Rossiya va Eron kabi kuchli ittifoqchilarining yordami bilan xalqaro izolyatsiyadagi rejim hokimiyatni saqlab qolgan. Asad rahbarligidagi qo‘rqinchli rejimning dalili sifatida u ag‘darilganidan keyin Suriya shaharlarida quvonchli bayramlar tashkil etilganini qayd etish mumkin. Xususan, internetda Homs shahrida odamlar Asad va uning otasining suratlarini yirtib tashlagani tasvirlangan videolar e’lon qilinmoqda.

Asadlar “hikoyasi” qachon boshlandi?

Bashar Asad 2000 yilda ya’ni, otasi Hofiz Asad vafotidan so‘ng hech qanday saylovlarsiz, merosxo‘r sifatida hokimiyatga kelib qolgan. Hofiz 1971 yilda hokimiyatni qo‘lga kiritgan va o‘sha davrda Sovet Ittifoqi bilan yaqin bo‘lib, Suriyani salkam o‘ttiz yil davomida nazorat qilgan edi. Hofiz o‘zining qo‘l ostidagi kuchlarni siyosiy va harbiy lavozimlarga ko‘tarib, qarshilikni qattiq bostirgan. 1982 yilda Hama shahrida Hofiz armiyasi musulmonlar boshchiligidagi isyonni bostirish uchun minglab odamlarni qirg‘in qilgan. 

Mamlakatni yolg‘iz boshqargan Hofiz dastlab o‘zining vorisi sifatida korrupsiya bilan mashhur bo‘lgan ukasi Rifatni tanladi. 1983-1984 yillarda Hofizning sog‘lig‘i yomonlashgani sabab bo‘lgan vorislik inqirozida Rifat hokimiyatni o‘z qo‘liga olishga urinib ko‘rdi. Biroq o‘shanda u  Suriyadan chiqarib yuborilgan. Keyingi vorisi, Hofizning to‘ng‘ich o‘g‘li Basil 1994 yilda avtohalokatda vafot etdi. Keyingi merosxo‘r uning kenja o‘g‘li Bashar bo‘ldi, u Basil vafot etgan paytda hech qanday siyosiy tajribaga ega emas edi, bu hukmron doiralarda norozilikni keltirib chiqardi. Norozilik prezident qarorini tanqid qilgan ba’zi amaldorlar lavozimidan tushirilgandan keyin pasaydi. 2000 yilda Hofiz Asad yurak xuruji tufayli vafot etdi. U deyarli 30 yil Suriya prezidenti lavozimida ishlagandi.

Bashar Asad otasining ikkinchi o‘g‘li sifatida hokimiyatga tayyorlanmagan bo‘lib, Londonda ko‘z shifokorligi sohasida tahsil olgan. Basil o‘limidan so‘ng, Bashar e’tiborga tushgan va harbiy fanlarni o‘rgana boshlagan hamda Suriya armiyasida polkovnik bo‘lgan. 2000 yil iyun oyida otasi vafot etganidan so‘ng, Bashar Asad uning amaldagi merosxo‘ri bo‘ldi va 2000 yil 17 iyulda mamlakat prezidentiga aylandi. O‘shanda Suriya parlamenti konstitutsiyani o‘zgartirib, prezidentlik yoshi talabini 40 yoshdan 34 yoshgacha pasaytirdi. Bu esa Basharning hokimiyatga kelishi uchun qilingan reja edi.

Boshida Yevropa va AQSHdagi kuzatuvchilar Bashar Asadni siyosatni tushunadigan, har bir ishni o‘ylab qiladigan lider sifatida qabul qilgan edi. Uning turmush o‘rtog‘i Asma Asad sobiq investitsiya bankiri bo‘lib, asli suriyalik, lekin Londonda o‘sgan va tarbiya topgani uchun ham chet elliklar nigohida bu qarashni yanada mustahkamlagan edi. Ammo bu umidlar tezda so‘ndi, chunki yangi rahbar HAMAS va “Hizbulloh” kabi guruhlar bilan aloqalarni davom ettirdi va 2011 yildagi demokratiya talablarini shafqatsiz yo‘qqa chiqardi.

2011 yil may oyida AQSHning o‘sha paytdagi prezidenti Barak Obama Asad rejimi xalqiga qarshi qotillik va ommaviy hibsga olish yo‘lini tanlaganini aytib, uni demokratiyaga o‘tishga yoki hokimiyatdan ketishga chaqirdi. Bashar Asad har yetti yilda ko‘pchilikning ovozi bilan qayta saylangan, oxirgi marta, ya’ni 2021 yilda bu AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Italiya tomonidan “soxta saylov” deb baholangan.

Fuqarolar urushi davomida Asad kuchlari 2011 yilgi namoyishlardan so‘ng qurollangan muxolifatga qarshi shafqatsiz usullar qo‘llagan. 2013 yilda BMT qurol inspektorlari Suriyada zararli gazdan foydalanilganini tasdiqlovchi aniq va inkor qilib bo‘lmaydigan dalillarni topgan. O‘sha paytdagi BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bu hujumni “XXI asrda ommaviy qirg‘in qurollarining eng yomoni” deb atagan.

AQSH ushbu hujumni “qizil chiziq” deb baholab, Suriya muxolifat kuchlariga yordamni oshirgan. Asad esa G‘arb davlatlarini o‘ziga qarshi kurashayotgan isyonchilarni qo‘llab-quvvatlamaslik haqida ogohlantirgan.

Tinimsiz davom etgan mojarolar Bashar Asadning shafqatsiz merosiga asos bo‘lib qolgan. Mojaro oqibatida yuz minglab odamlar halok bo‘lgan va Birlashgan Millatlar Tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yil boshida 7 milliondan ortiq odam ichki ko‘chirilgan va 6 milliondan ortiq odam xalqaro qochqin bo‘lgan.

Rejim “qassobxonasi”

Odamlarning tilida “qassobxona” nomini olgan bu maskan Basharning Hofiz Asad davrida, 1987 yilda qurilgan va dastlab harbiy qamoqxona sifatida ishlatilgan. Saydnaya qamoqxonasi Suriyaning Damashqdan shimolga qarab taxminan 30 kilometr masofada joylashgan bo‘lib, mamlakatdagi eng obro‘li va ayni eng qo‘rqinchli qamoqxonalardan biri hisoblangan.

Bu qamoqxona, ayniqsa, 2011 yilda boshlangan Suriya fuqarolar urushi davrida dunyo jamoatchiligi e’tiboriga tushgan. U yerda amalga oshirilgan qiynoqlar, sudsiz qatl etishlar va inson huquqlariga zid amaliyotlar xalqaro tashkilotlar tomonidan “o‘lim fabrikasi” deb nomlangan holatlarga olib kelgan. Saydnaya nafaqat oddiy bir qamoqxona, balki Bashar Asad rejimining hokimiyatni saqlab qolish uchun qanday shafqatsiz choralar ko‘rganining yaqqol namunasidir. Bu yerda muxolifat tarafdorlari, jurnalistlar, faol fuqarolar va boshqa ko‘plab odamlar “davlatga qarshi faoliyat” uchun jazolangan. Ammo ko‘pincha bu odamlar haqiqiy sudlovsiz, dalillarsiz yoki ayblovsiz qamalib ketgan. Saydnaya qamoqxonasi haqida xabar bergan guvohlar uning ichida qanday sharoitlar mavjudligini ochib bergan. Mahbuslar shafqatsiz qiynoqlarga duchor bo‘lgan: muntazam ravishda kaltaklash, ochlikdan qiynash, elektr toki qo‘llash va hatto ruhiy qiynoqlar qo‘llangan. Bularning barchasi rejimning shafqatsizligini va insoniylikka zid amaliyotlarini ko‘rsatadi. 

Shuningdek, omon qolgan guvohlarga ko‘ra, qamoqxona ichidagi gigiyenik sharoitlar deyarli yo‘q bo‘lib, mahbuslar doimiy ochlik va kasalliklardan azob chekkan. Tibbiy yordamning yo‘qligi esa ko‘plab mahbuslarning o‘limiga sabab bo‘lgan. Amnesty International kabi tashkilotlar Saydnaya qamoqxonasini “o‘lim fabrikasi” deb atashganining sababi ham qamoqxonada minglab odamlarning sudsiz qatl qilinishi bilan bog‘liq. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2011-2015 yillar orasida har hafta 50 ga yaqin odam qatl qilingan. Bu qatllar maxfiy sud jarayonlari ortidan amalga oshirilgan va qamoqxona hududida yoki uning yaqinidagi ommaviy qabrlarga dafn qilingan. Qisqasi, qamoqxona Bashar Asad rejimining eng qo‘rqinchli va eng daxshatli na’munasi sanaladi.

Asad oilasining qulashi

54 yillik hokimiyatdan so‘ng Suriyada Asad oilasining hukmronligi nihoyasiga yetdi. 8 dekabr kuni Bashar Asad mamlakatni tark etib, Rossiyadan boshpana so‘radi. Yaqin Sharqning zamonaviy tarixidagi eng shafqatsiz rejimlardan birining qulashi Suriya armiyasi va muxolif kuchlar koalitsiyasi o‘rtasida bor-yo‘g‘i 12 kun davom etgan janglardan so‘ng yuz berdi va Suriyada 13 yillik fuqarolar urushiga nuqta qo‘yildi. U o‘z hukmronligi davrida 350 mingdan ortiq suriyalikning hayotiga zomin bo‘ldi va kamida 13 million kishi uyini tark etdi. Asad rejimi qulagan kuni Damashqda kuchli otishma ovozi eshitildi. Isyonchilar koalitsiyasi ijtimoiy tarmoqlarda Asad qochib ketgani va mamlakat poytaxti ozod qilinganini e’lon qildi.

Bashar Asadning ko‘chalardagi portretlari yirtilib, otasi Hofiz Asadning haykallari ham buzib tashlandi. Avvalroq mamlakatdan oilasini chiqarib yuborgan Bashar Asad ham o‘sha kunning o‘zida bir muddat g‘oyib bo‘ldi va Rossiyada paydo bo‘lib qoldi. Bir nechta OAVlar u oldinroq Rossiyadan ko‘plab uy-joylar xarid qilgani haqida yoza boshladi. Asad faqatgina qochish bilan qanoatlanmay mamlakatdan oz emas, katta miqdordagi, ya’ni 135 milliard dollarni o‘zi bilan olib qochdi. Rossiya tomoni esa "Biz do‘stlarimizning har qanday kunida yordam beramiz", deya Basharni katta miqdordagi boyligi bilan mamlakatga qabul qildi. Bazi bir versiyalarga ko‘ra, sobiq suriyalik endi Rossiya fuqarosi ham bo‘lishi mumkin. Sababi unga Rossiya tomonidan fuqarolik berish taklif qilingan. Sobiq yetakchi mamlakatdan chiqishi bilan otasi, Hofiz Asadning qabri vayron qilindi, unga o‘t qo‘yildi. 

Hokimyatga kelgan “Hayat Tahrir ash-Shom” mintaqada bir nechta o‘zgarishlar, xususan, hijob cheklovi, qattiq jazolashni bekor qildi. Ayni paytda poytaxt Damashqda hayot asta-sekin normal holatga qaytgandek ko‘rinmoqda. Ko‘chalarda ko‘plab piyodalar va mashinalar harakatlana boshladi, ba’zi do‘kon va restoranlar ochiq. Aholi esa mamlakatdagi bugungi hayotdan to‘laqonli rozi. Shu bilan “temir musht” – Asad rejimi o‘z nihoyasiga yetdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Bashar Asad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing