Suriyada turk boshqaruv modeli tatbiq etilishi mumkin

Olam

image

Suriyada o‘tish davri o‘rniga doimiy hukumat tuzilganidan keyin boshqaruv tizimi Arab Respublikasining shimolida amalga oshirilgan turk modeliga ko‘ra tashkil etilishi mumkin. Bu haqda Turkiya ma’muriyati va hukmron “Adolat va taraqqiyot partiyasi”dagi manbalarga tayanib “Türkiye” gazetasi xabar berdi.

Muvaqqat bosh vazir Muhammad al-Bashir avvalroq prezidentlikdan ketgan Bashar Asad ma’muriyati vayron bo‘lgan iqtisod bilan mamlakatni tark etganini aytgan edi. “Türkiye” nashri manbalarining qayd etishicha, yangi davrda Suriyadagi asosiy tayanch Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan milliy kuchlar bo‘ladi. 

“Anqara shimolda yaratilgan xavfsiz hudud ma’muriyatini harbiy va ma’muriy jihatdan tayyorladi. 5 million aholi istiqomat qiladigan mintaqa turk tashabbuslari asosida boshqarila boshlandi”, deb yozadi gazeta.

Turkiyaning hukmron partiyasidagi manbalar ham gazetaga Suriyadagi iqtisodiy va siyosiy islohotlar rejalari haqida gapirib berdi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Turkiya bilan organik aloqada bo‘lgan 10 millionga yaqin suriyalik, jumladan, xavfsiz hududda 5 million, Turkiya orqali Yevropaga o‘tgan 1,5 million va Turkiya hududida 3 millionga yaqin suriyalik bor. Ulardan kamida 5 millioni turkcha gapiradi, “Türkiye” buning muhim raqam ekanligini qayd etadi.

Manbalarga ko‘ra, Turkiya Suriyada barcha nuqtai nazarlar ifodalanadigan bir tuzilma va barcha segmentlar yuqori darajadagi vakillikka ega bo‘lgan tizim yaratmoqchi.

“Turkiyaning 5 million aholisi bo‘lgan hududda yaratgan, jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab olgan tizim hozirgacha muammosiz ishlagan”, deya ta’kidlaydi turk gazetasi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi boshchiligidagi isyonchi kuchlar Suriya poytaxti Damashqqa kirib, mamlakat rahbari Bashar Asad rejimi ag‘darilganini ma’lum qilgandi. Keyinchalik Suriyani tark etgan Bashar Asad va uning oila a’zolari Moskvaga borgani xabar qilingandi. Muhammad al-Bashir o‘zining Suriya muvaqqat hukumatining rahbari etib tayinlanganini e’lon qildi


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Turkiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing