Germaniya Suriyani qo‘llab-quvvatlash shartlarini e’lon qildi

Olam

image

Kecha, 11 dekabr kuni Germaniya Damashqqa yordam berish uchun ilgari surayotgan shartlarni va sakkiz banddan iborat reja taqdim etdi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok  Bashar Asad rejimi  ag‘darilganidan keyin Suriyani qo‘llab-quvvatlash rejasini taqdim etgan. U hokimiyatning tinch yo‘l bilan o‘tkazilishini birinchi va eng muhim nuqta deb atagan.

Ikkinchi o‘rinda Suriya ichidagi muloqot. Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u BMT rezolyutsiyalari va u yerdagi voqeliklarga muvofiq chet el aralashuvisiz, masalan, Turkiya yoki Isroil aralashuvisiz o‘tishi kerak.

“Suriya yana xorijiy davlatlar o‘yinida piyodaga aylanmasligi kerak”, degan Berbok.

Uchinchisi, “Hayat Tahrir ash-Shom”  a’zolari tomonidan ayollar, etnik va diniy ozchiliklar huquqlarini hurmat qilish. Berbokning aytishicha, Germaniya guruh bilan hali to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqaga ega emas, ammo Berlin uning “Al-Qoida” guruhi bilan aloqasi mavjud deb biladi.

U, shuningdek, insonparvarlik inqirozini imkon qadar tezroq yengib, Suriyani qayta tiklashga chaqirgan. Vazir Germaniyadan 8 million yevrolik shoshilinch yordam va’da qilgan.

Germaniyaning yana bir sharti - Suriyaning yangi organlarining javobgarligi va adolati. Berbok murosa jarayoniga yo‘l ochish uchun Asad rejimining jinoyatlarining qonuniy ravishda tekshirilishi va mas’ullarning jazolanishini talab qilgan. 

Keyingi band Asad rejimining kimyoviy qurollari bilan bog‘liq. U xalqaro nazorat ostiga olinishi kerak. Berbokning ta’kidlashicha, u bu masalani allaqachon Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti yig‘ilishiga olib kelgan.

Ma’lum qilinishicha, rejaning boshqa bandlari Germaniya va Suriyadagi mojaro tomonlari o‘rtasidagi aloqa kanallarini saqlab qolish va rivojlantirishga tegishli. Shu maqsadda Suriya bo‘yicha maxsus koordinator lavozimi joriy etilishi mumkin. Germaniyadagi suriyalik qochqinlar haqida esa Berbok ularning vatanlariga qaytishi BMT va Germaniyaning hamkor davlatlari bilan kelishib olinishi kerakligini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya federal kansleri Olaf Shols Suriyada prezident Bashar Asad rejimining ag‘darilishini olqishlagandi. Sholsning ta’kidlashicha, Berlin bo‘lajak Suriya hukumati barcha suriyaliklarga munosib va ​​o‘z taqdirini o‘zi belgilash imkoniyatini taqdim etadimi yoki Suriya suverenitetini uchinchi tomonlarning g‘arazli aralashuvidan himoya qiladimi hamda o‘z qo‘shnilari bilan tinch-totuv yashay oladimi, shunga qarab ish tutadi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Suriya Damashq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing