Endi o‘zbeklar Suriyaga borishdan tiyiladimi?
Intervyu
−
16 dekabr
11034Joriy yilning 8 dekabr kuni Suriyada Asad rejimi tugatilgandan so‘ng mazkur voqea butun dunyoda va O‘zbekistonda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Zero, mamlakatda diktaturaga barham berilishi va nihoyat Suriya osmonida ham tinchlik hukmron bo‘lishidan dalolat edi. Ammo ko‘p o‘tmay, ayni paytda yangi hukumat bo‘lishi kutilayotgan “Hayat Tahrir ash-Shom” va boshqa guruhlar o‘rtasida ziddiyatlar kelib chiqa boshladi. Mamlakatda konstitutsiya va parlament faoliyati to‘xtatildi.
Bundan foydalangan Isroil esa Damashqni bombardimon qildi. Suriya tinchiydimi o‘zi? “Hayat Tahrir ash-Shom” tashkiloti qanday tashkilot? Uning maqsadi va muddaosi nima? Suriyaliklar yomg‘irdan qochib, do‘lga tutilmadimi? Suriya va uning atrofida bo‘layotgan eng so‘nggi voqealarni sharhlash uchun QALAMPIR.UZ sharqshunos, siyosatshunos Farhod Karimov bilan suhbatlashdi.
– Keling, birinchi bo‘lib Suriyada yangi hukumat bo‘lishi kutilayotgan “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi haqida gaplashsak. Bu o‘zi qanday guruh? Faoliyati nimadan iborat va eng muhimi, maqsadi nima?
– Juda ham ko‘p xalqaro tashkilotlar, hattoki mintaqa davlatlari tomonidan ham uning xatti-harakatlari, maqsadlari va hozirgacha amalga oshirgan ishlaridan kelib chiqqan holda bu guruh terrorchi tashkilot sifatida ro‘yxatga kiritilgan. Uning rahbari Jo‘loniy yosh hali. Hali juda ham ko‘p ishlarni ko‘rsata olgani yo‘q. Lekin shu tashkilotning ichida o‘ziga xos bir mashhurlikka ega bo‘lgan shaxslardan biri.
O‘sha 2011 yilda mintaqada Arab bahori boshlanib ketganda eng oxirgi ayanchli nuqtasi bilan tugagan joy bu Suriya bo‘ldi. Suriya Arab bahoridan keyin fuqarolar urushiga ulanib ketdi. 2015-2016 yillarda juda ham katta fuqarolar urushi boshlanib ketdi. Suriyadagi barcha qandaydir guruhlarni tashkil etib, bu urushga qo‘shilib ketdi va har bir hududda o‘ziga xos bir hokimiyatlar tashkil etildi. Separatizm ham qo‘shilib ketdi, milliy, etnik, diniy radikal va hokazo kuchlar o‘z hududini o‘z nazoratiga olib, shu markaziy hokimiyatga – Bashar Asad hokimiyatiga qarshi chiqishlarini ma’lum qildi. Bashar Asad hukumatini saqlab qolish uchun hamkor davlatlarga murojaat qildi va mustaqil siyosat yuritolmay qoldi. Masalan, uning hokimiyatini saqlab qolgan Rossiya bor edi.
Rossiyaning, albatta, undan keyingi talablari bo‘ladi, Eronning o‘ziga xos talablari bo‘ladi va AQSH bilan ham kelishishga to‘g‘ri keldi. Bir tomondan, Suriya va Isroil o‘rtasidagi munosabatlar ham bor. Mana shu murakkab sharoitda 2016 yilda harbiy harakatlar oxirigacha yetkazildi. 2020 yilda Turkiya va Rossiya o‘rtasida o‘ziga xos bir sulh imzolandi, ya’ni mana shunday holatda harbiy harakatlar to‘xtatildi. Shundan keyin, 2020 yildan keyin 2024 yilgacha Bashar Asad qaytarilgan hududlarning hokimiyatini amalga oshirib keldi. Lekin ijtimoiy holat yaxshilanmadi, juda katta muammolar kelib chiqdi. Ish joylari, infrastruktura qayta tiklanmadi, jinoyatchilik avj olib ketdi. Narkotik savdosi ham avj olib ketdi. Qonuniy va odam savdosi avj olgan. Bundan tashqari, Asad o‘z hokimiyatini saqlab qolish uchun juda katta repressiyalar boshlandi. Katta-katta qamoqxonalarda odamlar to‘lib ketdi. Hali 20 yildan keyin ham mahbuslar chiqmaydi, uning otasi davrida qamalganlar ham, ularning oilalari va avlodlari bilan hibsga olinganlar qiynoqlarga solingan. Ya’ni bu siyosiy repressiyalar va ijtimoiy holatning yaxshilanmaganligi Asadning legitimligini pasaytirdi.
Ya’ni aholi Asadga ishonmay qo‘ydi va o‘sha davrda ISHID tashkiloti hali ham faol edi. U asosan ISHID bilan Iroqda faoliyat yuritgan “Al-Qoida” ham keyinchalik mana shu Suriyada o‘z harakatlarini ilgari surish uchun o‘z vakilini jo‘natdi. Shu tashkilotga hozir biz aytgan Jo‘loniy rahbar etib belgilandi. Rahbar belgilangandan keyin o‘zi har xil tarafdorlarini yig‘di, tashqaridan ham aloqalarni tikladi. Uning o‘sha tayinlaganlar bilan hamkorlik qilgan “Al-Qoida” guruhi bilan keyinchalik munosabatlari buziladi. Hatto o‘sha paytda ISHIDning yetakchisi bo‘lgan Bog‘dodiy bilan yaqin munosabatda bo‘lgan Jo‘loniy keyinchalik bu munosabatlarni uzadi.
Suriyaning Idlib shahrini egallab, shaharda joylashadi. Joylashgandan keyin mintaqaning boshqa davlatlari bilan Suriyaga qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni tiklaydi. Shundan keyin, qo‘llab-quvvatlash asosida mana to‘rt yil davomida Idlib atrofida uning o‘sha mintaqadagi boshqa dushmanlari bo‘lgan yoki unga qarshi chiqqan harakatlarni ham birlashtiradi.
Bir qator harakatlar birlashib, faqat “Hayat Tahrir ash-Shom” harakati emas, u yerda uni qo‘llab-quvvatlovchilar ham bor va ular Idlibda yig‘iladi. Keyinchalik, u o‘ziga xos bir kuchga ega bo‘ladi. Bu yoqda Eron va Isroil o‘rtasidagi munosabat muammo bo‘lsa, undan tashqari Isroilning Falastinda, G‘azoda qilgan ishlari va Ukrainada boshlangan urushlar mintaqada Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlagan asosiy sub’ektlarni boshqa muammolar bilan band bo‘lib qolishiga olib keldi. Rossiyaning o‘ziga xos muammolari – unga muhimroq bo‘lgan Ukraina masalasi bor. Eron esa o‘zining hududiy yaxlitligini va xavfsizligini ta’minlash uchun ancha-muncha boshqa masalalar bilan ovora bo‘lib qolgan paytda Asad hokimiyatini qo‘llab-quvvatlaydigan kuchlar ancha sustlashadi.
Bilamiz, geosiyosatda biror nuqtada bo‘shliq hosil bo‘lmaydi, kimdir keladi doim, va yana u yerda shuncha ko‘p qo‘yilmaydi. Shu vaziyatdan foydalanib “Hayat Tahrir ash-Shom” Asadga qarshi yurishini e’lon qiladi. Sakkizinchi dekabr kuni Idlibdan, Damashqdan muhim bo‘lgan Halab shahriga yurish qiladi. Halabning muhimligi shundaki, undan Turkiyaga o‘tadigan va G‘arbga o‘tadigan asosiy avtomobil transport yo‘lagining o‘rnidir. Hamma mahsulotlar va tovarlar o‘sha joy orqali o‘tadi, shuning uchun ham juda muhim edi va ko‘p aholi yashaydi. Agar bu aholini qo‘llab-quvvatlovini qo‘lga kiritadigan bo‘lsa, Damashqqa yurish oson bo‘ladi. Halab shahrini deyarli qarshiliksiz qo‘lga olishga muvaffaq bo‘ladi, chunki aholi ham Asad hokimiyatidan charchagan va qaysidir ma’noda yangi kuch kelsa, hayot o‘zgaradimi deb umid qildi.
Intervyuning to‘liq shaklini QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qiling.
LiveBarchasi