Suriya Arab Ligasiga qaytdi. Endi u Rossiya va Erondan voz kechadimi?
Tahlil
−
20 may 2023
15530Kecha, 19 may kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan sammitda Prezident Bashar Asadning ishtirok etdi. Bu esa Suriyaning Arab Ligasiga qaytganini anglatadi. Shuningdek, mazkur holat mintaqa davlatlarining G‘arbga qarama-qarshi bo‘lgan Asad hukumati haqidagi qarashlarida muhim o‘zgarishlarni aks ettiradi. Bu haqda “Al-Jazeera” yozmoqda.
Suriya muxolifat namoyishlarini shafqatsizlarcha bostirishi va mamlakatda boshlangan urush ortidan umumarab instituti faoliyati to‘xtatilganidan 11 yildan ko‘proq vaqt o‘tib, bugun arab poytaxtlarida konsensus paydo bo‘ldi. Unga ko‘ra, arab yetakchilari Suriya muammolarini hal qilish uchun Damashq bilan bevosita hamkorlik qilish kerakligini tushunib yetgan.
Suriya inqirozini umumarab muammosi sifatida tushungan Liga davlatlari ushbu mojaroning mintaqaga zararli va beqarorlashtiruvchi ta’sirini bartaraf etish uchun arab strategiyalarini amalga oshirishga qat’iy qaror qilgan. Tahlilchilarga ko‘ra, ular mojaroni yumshatish orqali u bilan bog‘liq bo‘lgan giyohvand moddalar savdosi tarmoqlari, qochqinlar inqirozi, chegara xavfsizligining zaiflashishi va Eron kuchlari hamda Tehron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qurolli kuchlarning Suriyadagi rolining kuchayishiga yechim topishga umid qilmoqda.
Century International ilmiy xodimi va Yaqin Sharq bo‘yicha tahlilchi Aron Lundning fikricha, Arab Ligasining to‘liq huquqli a’zoligini tiklash Suriya hukumati uchun katta g‘alaba bo‘ladi.
“Qaytarilishiga ruxsat berilgani Suriya mintaqaga qayta integratsiya qilinayotganini va boshqa arab yetakchilarining Asad bu yerda qolishiga ishonchi komil ekanini ko‘rsatadi. Demak, bu Damashq hukumatining siyosiy g‘alabasi. O‘z-o‘zidan bu unchalik ko‘p o‘zgarishlarni keltirib chiqarmaydi. Suriya yordam va sarmoyaga juda muhtoj. Arab Ligasi esa buning hech birini ta’minlay olmaydi, lekin buni qila oladigan Ko‘rfazdagi arab davlatlari bor”, deydi Lund.
Saudiya Arabistoni mintaqaviy kuch sifatida
Saudiya Arabistonining Damashq bilan murosa tomon harakat qila boshlagani Suriyaning arab dunyosi diplomatik doirasiga qayta integratsiyalashuvida muhim omil bo‘lgan.
6 fevraldagi zilzilalar ham, 10 martdagi Saudiya-Eron diplomatik kelishuvi ham Ar-Riyodning Asad rejimi bilan munosabatlarni tiklash yo‘lidagi harakatini tezlashtirgan. Aytilishicha, Suriyaning Arab Ligasiga qaytishi Saudiya Arabistoni o‘z pozitsiyasini o‘zgartirgandan keyingina amalga oshdi, degan xulosaga kelish adolatli bo‘ladi.
Garchi Qatar, Quvayt va Marokash kabi bir qancha arab davlatlari Damashq bilan munosabatlarni qayta tiklamagan, haligacha Asad hukumatini noqonuniy deb hisoblab kelayotgan bo‘lsada, Ar-Riyod arab va islom dunyosidagi yetakchi sifatida o‘z ta’siridan foydalanib, ularni Suriyaning Arab Ligasiga qaytishiga to‘sqinlik qilmaslikka ko‘ndirgan.
Ta’kidlanishicha, Ar-Riyod va boshqa arab poytaxtlari Damashq bilan o‘z mamlakatlari milliy manfaatlarini qanday idrok etishiga qarab ish olib borishni tanlagan holda, bu pragmatik harakatni davom ettirgan.
Ko‘pgina arab hukumatlari nuqtai nazarida Qo‘shma Shtatlar va boshqa G‘arb davlatlarining Suriyani izolyatsiya qilish strategiyasi barqaror emas. Ba’zi arab amaldorlarining fikricha esa, bunday siyosat Damashqni Eronning ta’sir orbitasida mustahkam ushlab turadi. Shuning uchun, arab davlatlari ham Asad rejimini jalb qilish orqali Suriyani o‘z qo‘liga qaytarishga harakat qiladi.
Suriya hukumati moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va qonuniylikka muhtoj. Damashqning fikricha, ikkalasi ham, hech bo‘lmaganda, Saudiya Arabistoni va boshqa badavlat arab davlatlari bilan rasmiy munosabatlarni qayta tiklash orqali amalga oshirilishi mumkin.
“Asad juda pragmatik va u pulni qayerdan kelganiga qarab o‘tirmaydi. Saudiyaliklarmi, eronlikmi yoki ruslarmi, farqi yo‘q. Bu doirada rejim o‘z manfaati uchun nima kerak bo‘lsa, shuni qiladi. Biz ularning boshqa arab davlatlari bilan Suriya manfaati uchun hamma narsani qilamiz va hech qanday jiddiy yon bermaymiz, deb o‘zaro munosabatlariga juda ishonganini ko‘rdik”, deydi Londondagi Kings kollejining Mudofaa tadqiqotlari kafedrasi dotsenti Andreas Krig.
Ma’lum bo‘lishicha, Asad hukumatining Arab Ligasiga qisqa muddatda qaytishi tufayli arab pullari darhol Suriyaga oqib kela olmaydi. G‘arb tomonidan Suriyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar, xususan Vashingtonning Sezar qonuni hozirda Saudiya Arabistoni, BAA va boshqa arab davlatlari tomonidan kiritilayotgan sarmoyalarga eng katta to‘siq bo‘lmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi (GCC) a’zolari Suriyaga sarmoya kirita olmasa, Damashqning Erondan uzoqlashishini tasavvur qilish qiyin.
“Agar Suriyaga tor gumanitar yordam doirasida tashqaridan sarmoya kiritish imkoni bo‘lmasa va sanksiyalar bekor qilinmasdan qolsa, BAA ham, Saudiya Arabistoni ham Suriyaga pul qo‘yolmaydi va bu bilan Asad rejimi ruslar yoki eronliklardan voz kechish imkonini yo‘qotadi. Shunga o‘xshab, agar ular giyohvand moddalar savdosidan har yili bir necha milliard dollar yo‘qotayotgan bo‘lsalar va bu yo‘qotish Fors ko‘rfazidagi pul bilan qoplanmasa, nima uchun ular Kaptagon savdosini to‘xtatsin?”, deb tushuntirgan Krig.
Biroq tahlilchilarning fikricha, Abu-Dabi va Ar-Riyod Sezar sanksiyalarini Vashington olib tashlaydigan yoki yengillashtiradigan vaqtinchalik to‘siq sifatida ko‘rishadi, hatto yaqin orada ham, BAA va Saudiya Arabistoni mojarodan keyingi Suriyaga pul qo‘yish va o‘z tarmoqlaridan foydalanib, mamlakatda katta geosiyosiy nufuzga ega bo‘lish uchun vaqt keladi, deb taxmin qilmoqda.
Qatar va Quvayt
Asad hukumati bilan munosabatlarni qayta tiklashdan tiyilgan Qatar va Quvaytning pozitsiyasi Damashq tomonidan Suriya rejimini qayta tiklashga loyiq biror chora ko‘rilmaganiga asoslanadi.
“Qatar o‘zini Arab dunyosidagi Asad rejimiga eng qattiq raqib sifatida ko‘rsatdi. Bu Dohadagi ko‘pchilikning fikrini aks ettirishiga shubha qilmayman, ammo bu pozitsiyaning pragmatik va shaxsiy manfaatdor sabablari ham bor”, deydi Lund.
Ko‘rfaz xalqaro forumining katta ilmiy xodimi va AQSHning Yamandagi missiyasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Nabil Xurining fikricha, Qatar va Quvayt mintaqada boshqacha tarixga ega, ularning yordami rejimni qo‘llab-quvvatlashdan ko‘ra, birinchi navbatda rivojlanish loyihalari va institutlarni qurishga qaratilgan.
“Qatar shakllanayotgan ittifoqlardan tashqarida qolishni afzal ko‘radi, ayniqsa, u Isroil bilan bog‘liq bo‘lsa. U mintaqaviy mojarolarda vositachi rolini va amaldagi Falastin siyosatini saqlab qolishni afzal ko‘radi”, deydi Nabil Xuri.
Biroq, na Qatar, na Quvayt Suriyaning Arab Ligasiga qaytishiga to‘sqinlik qilmagan va ikki davlat 7 may kungi yig‘ilishda qatnashmagan.
Doha uchun Suriya bo‘yicha arab konsensusining oldini olish Qatarning Fors ko‘rfazi va arab dunyosining boshqa mamlakatlari bilan munosabatlariga qanday putur yetkazishi mumkinligi haqida xavotirlar bor edi. Qatarning Asad hukumatiga nisbatan pozitsiyasi unga Suriya masalasida boshqa arab davlatlarini haddan tashqari xafa qilmasdan, inson huquqlari tarafdori deb hisoblagan tashqi siyosatni davom ettirish imkonini beradi.
2017-2021 yillardagi Fors ko‘rfazi inqirozini hal qilgan 2021 yilning yanvaridagi al-Ula sammitidan so‘ng, Doha Arabiston yarim oroli va Misrdagi bevosita qo‘shnilariga dushmanlik qilishdan qochgan. Krigning fikricha, qatarliklar Suriyaning Arab Ligasiga qaytishiga to‘sqinlik qilmasdan, pragmatizm ko‘rsatgan.
“Qatar Arab Ligasi rezolyutsiyasiga o‘z qarshiligini bildirdi, biroq bundan nariga o‘tmadi. Qatar tomonidan rezolyutsiyani to‘xtatishga jiddiy urinish bo‘lmaganga o‘xshaydi”, degan Lund.
Darhaqiqat, Suriyaning Arab Ligasiga qaytishiga to‘sqinlik qilmasdan, Qatar Damashqqa yon berayotgan edi. Ammo Qatarda tez orada Asad hukumatiga qo‘shimcha yon berish uchun hech qanday rag‘bat yo‘q va Doha Suriya hukumatiga qonuniy munosabatda bo‘lgan so‘nggi arab poytaxti bo‘ladi, deb ishonish uchun asoslar bor.