Selfi uchun qurbon bo‘lganlar

Bu qiziq

image

Suratga olish kimningdir kasbi, kim uchundir sevimli mashg‘ulot, yana kimlargadir mashhurlikka erishish yo‘li. Bugungi kunda rasmga olishning eng ko‘p tarqalgan usuli bu – selfi. Kimlardir selfini deb bir necha soniyalarini sarflasa, ba’zi insonlar shu birgina rasm boshqalarning suratlaridan chiroyliroq chiqishi uchun ehtiyot choralarini unutadi va butun boshli umrini qurbon qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2014 yildan 2023 yilgacha 49 ta davlatda selfi tufayli 399 ta o‘lim qayd etilgan. Qayg‘uli yetakchilikni 190 qurbon bilan Hindiston, ikkinchi o‘rinni 29 o‘lim bilan AQSH va uchinchi o‘rinni 18 kishining vafot etishi bilan Rossiya egallagan.

Selfi olaman deb do‘stlari bilan halok bo‘lgan yigit

2017 yilda Hindistonda Taraknat Makal ismli erkak Nepalga poyezdda ketayotgan bo‘lgan. Kalkutta yaqinida u o‘zini suratga olish uchun poyezd eshigidan egilib, sirg‘alib ketgan va temiryo‘l reysiga yiqilgan. U bilan birga bo‘lgan to‘rt do‘sti yigitni qutqarish uchun uning orqasidan sakrab tushgan va yigitlarning barchasini qarshi tomondan kelayotgan poyezd bosib ketgan.

Balandlikdan suratga tushaman deb halok bo‘lgan oila

Hindistonlik er-xotin Vishnu Vishvanat va Meyenashi Murti 2018 yilning 28 oktyabr kuni Kaliforniyada Yosemit vodiysining Taft Point nuqtasidan selfi tushaman deb qulab tushgan.

Taft nuqtasi Yosemit vodiysidan 7500 fut balandlikda joylashgan. Er-xotin Vishvanat va Murti suratga olish uchun 900 metrlik Taft Point nuqtasi ostidagi tubsizlikka juda yaqin borgandi. 

Er-xotin sayyohlarning jasadlarini topish oson bo‘lmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ularni topish uchun vodiyda dron kameralardan foydalanishgan.

Selfi tufayli vafot etgan 18 yoshli yigit

2018 yil sentyabr oyida amerikalik 18 yoshli Tomer Frankfurter armiyaga chaqirilish arafasida amerikalik do‘stlarinikiga borgan. Qudduslik 18 yoshli Tomer tik qoya tepasida selfiga tushmoqchi bo‘lganida 250 metr balandlikdan tushib vafot etgan. Ushbu fojia ham Kaliforniya shtatidagi Yosemit milliy bog‘ida sodir bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil yoshlari armiya xizmatidan oldin yoki keyin kengaytirilgan ta’tilga – ko‘pincha AQSH, Janubiy Amerika yoki Osiyoga borishlari odatiy holdir. Frankfurterning jasadi dafn qilish uchun Isroilga qaytarib yuborilgan. U o‘sha yili Yosemitda vafot etgan oltinchi odam bo‘lgan.

Selfi tushaman deb yirtqich tajovuziga uchragan erkak

Yuk mashinasi haydovchisi 2018 yilning may oyida ayiq bilan selfi olishga uringanida yirtqich tomonidan shafqatsizlarcha parchalab tashlangan.

Uning ismi Prabhu Bhatara edi. Bu hodisa Sharqiy Hindistonning Odisha shtatida sodir bo‘lgan. Bhatara jarohatlangan ayiqni ko‘rgan va bu selfi uchun ajoyib imkoniyat deb o‘ylagan. U ayiqqa yaqinlashganda, yaralangan hayvonda jangovar instinktlar uyg‘ongan va yigitga tashlangan. Dhanurjaya Mohapatra ismli o‘rmonchining so‘zlariga ko‘ra, Bhatara o‘sha joyda vafot etgan.

Restoranga boraman deb yo‘lga chiqqan qayiq selfi tufayli ag‘darilib ketdi

2021 yil Indoneziyada 9 kishini Markaziy Javadagi suzuvchi restoranga olib borayotgan qayiq, guruhli selfi paytida ag‘darilib ketishi oqibatida cho‘kib ketgan.

Indoneziyaning Markaziy provinsiyasidagi Kedung Ombo suv omborida 20 kishilik qayiq ag‘darilib ketgan. 9 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblangan. Mahalliy qidiruv-qutqaruv xizmati qayiqning ag‘darilishi natijasida 11 kishi qutqarilganini ma’lum qilgandi o‘shanda.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, qayiq yo‘lovchilarning guruh bo‘lib selfi tushishi ortidan ag‘darilgan.

Sayohatchilar selfi payti baxtsiz hodisadan o‘lim topdi

Hindistondagi bir hodisada eng ko‘p selfichi halok bo‘lgan: 2022 yil iyul oyida shimoli-g‘arbiy Rajastan provinsiyasidagi tarixiy Amber qal’asi qo‘riqlash minorasida suratga tushayotgan 11 kishi yashin urishi oqibatida vafot etgan.

Qurbonlar XII asrda mashhur sayyohlik maskani bo‘lgan Fort Amer qo‘riqchi minorasi tepasida yomg‘irda selfi olayotgan bo‘lgan. Hodisa yuz berganda taxminan 27 kishi bo‘lgan. Ularning ba’zilari, yerga sakrab tushishga ulgurgan. Natijada 11 kishi halok bo‘lgan.

O‘zbekistonda selfi tufayli dunyodan ko‘z yumganlar

2018 yilda Toshkentda 8-sinf o‘quvchisi selfi qurboni bo‘ldi. Ismi oshkor etilmagan o‘quvchi ijtimoiy tarmoqlardagi do‘stlarini hayron qoldirish maqsadida temiryo‘l bekatiga yashirincha kirib, dastlab poyezd yonida va unga osilgan holda suratga tushgan.

Bunday suratlardan qoniqmagan bola ekstremal holatda selfi qilish uchun poyezd vagoni tepasiga chiqadi. Bu yerda yuqori kuchlanishli elektr toki simiga tegib ketadi.

Tanasining 75 foizi kuygan o‘smir shifokorlarning sa’y-harakatlari bilan 6 oy yashadi.

2019 yilda Toshkentdagi kollej o‘quvchisi, selfi tufayli halok bo‘lgan

Voyaga yetmagan 2 nafar kollej o‘quvchisi selfi tushish uchun Hamza temiryo‘l bekatida bo‘sh turgan bug‘doy ortuvchi vagon ustiga chiqqan. Ularning biri tok urishi natijasida vafot etgan. Ikkinchisi esa og‘ir tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.  

2024 yil 25 sentyabrda Farg‘ona viloyati Buvayda tumaniga qarashli 1-sonli maktabning 2 nafar 10-sinf va 1 nafar 8-sinf o‘quvchilari poyezd vagoniga chiqib selfi olishda yuqori kuchlanishli tok urib vafot etgan.

Aniqlanishicha, ular temiryo‘l izlarini belgilanmagan joyidan kesib o‘tib, taqiqlangan hududga kirgan.

Yigitlar bekatda turgan bug‘doy tashuvchi vagonning ustiga chiqib, selfi tushmoqchi bo‘lgan vaqtlarida ehtiyotsizlik oqibatida ikki nafar o‘smirni yuqori kuchlanishli elektr toki urgan. Turli darajada tan jarohatlari olgan bolalar tez tibbiy yordam mashinasida shifoxonaga yuborilgan.

Birinchi bemor jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilgan. Uning tanasi 63 foiz kuygan. Ikkinchi bemorga tananing termik kuyish va o‘ng son suyagi sinishi tashxisi bilan yordam ko‘rsatilgan.

Bular – dunyoning turli burchaklarida yuz bergan fojialarning ayrimlari, xolos.

Yuqorida keltirilgan va boshqa baxtsiz hodisalar tadqiqotchilar tomonidan batafsil tahlil qilindi. Natijada ular selfi bilan bog‘liq o‘lim holatlarining ko‘pchiligi Hindiston, Rossiya, AQSH va Pokistonda sodir bo‘lganini aniqladi.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, “selfi tushaman” deb o‘lganlarning haqiqiy soni ancha yuqori bo‘lishi mumkin.

Dunyo bo‘yicha statistik ma’lumotlarga ko‘ra, har kuni 93 millionga yaqin selfi olinadi. Bir kishi yiliga o‘rtacha 450 dan ortiq selfi suratga oladi. Aksariyat fotosuratlar smartfonlar yordamida olinganini hisobga olsak, selfi butun dunyo bo‘ylab olingan barcha fotosuratlarning muhim qismini tashkil qiladi.

Iroda Mirvohidova

 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya Hindiston Selfi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made