So‘nggi tanlov AQSH ixtiyorida – Eron
Olam
−
09 iyul 9345 5 daqiqa
Bugungi kunda Eron AQSHning ehtimoliy muzokaralarga qaytish istagi borasida ba’zi xabarlarni olmoqda. Biroq Tehron qanday qilib yangi muloqotga ishonch bildirishi mumkinligi savol ostida. Lekin so‘nggi tanlovni amalga oshirish AQSHning ixtiyorida. AQSH diplomatiyani yoki o‘ziga aloqasi bo‘lmagan urush girdobida qolishni tanlashi kerak. Bu haqda Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining “Financial Times” gazetasida e’lon qilingan maqolasida so‘z boradi.
Aroqchining yozishicha, faqat to‘qqiz hafta ichida o‘tkazilgan beshta uchrashuv davomida u va AQSH Prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff Eronning “Bayden boshchiligidagi muvaffaqiyatsiz jamoa bilan to‘rt yil davom etgan yadro muzokaralarida erishilgan yutuqlardan ko‘ra ko‘proq yutuqlarga” erishilgan.
“Biz tarixiy yutuqqa erishish arafasida edik.Asosiy kelishmovchilik – AQSHning Eronning tinchlik maqsadidagi yadroviy dasturi kelajakda boshqa maqsadlarda foydalanilishi mumkinligidan xavotir bildirayotgani, jumladan, Eronning uranni boyitish rejalari yuzasidan aniq va chuqur muzokaralar o‘tkazildi. Har ikki tomon va ummonlik vositachilar tomonidan taklif qilingan bir nechta “o‘zaro manfaatli” yechimlar muhokama qilindi.
Xuddi shu darajadagi muhimlik bilan, sanksiyalarning to‘liq va qat’iy bekor qilinishi hamda AQSHning keng qamrovli iqtisodiy hamkorlikdagi ishtiroki ustida to‘xtaldik – bu qariyb bir trillion dollarlik imkoniyat yaratishi mumkin edi. Eron o‘z iqtisodiyotini harakatlantira oladigan, shu bilan birga Prezident Trampning AQSHning tanazzulga yuz tutgan sanoatlarini, shu jumladan, atom energiya sohasini tiklashga doir ustuvor maqsadlarini amalga oshirishi mumkin bo‘lgan o‘zaro foydali hamkorlikka tayyor edi.
Vaziyat, ayniqsa, muntazam xabar almashinuvlaridan so‘ng, ijobiy yo‘nalishda rivojlanayotgan edi. Biroq, juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan oltinchi uchrashuvga atigi 48 soat qolganida, Isroil rejimi hech qanday sababsiz mamlakatimizga hujum qildi. Xalqaro nazorat ostidagi yadroviy inshootlardan tashqari, aholi yashash hududlari, shifoxonalar, muhim energetika infratuzilmalari va hatto qamoqxonalar bombardimon qilindi. Qo‘rqoqlarcha qilingan bir qator suiqasdlar, jumladan, universitet professorlari ularning rafiqalari hamda bolalari bilan birgalikda vahshiylarcha o‘ldirildi. Bu yovuz tajovuz diplomatiyaga og‘ir xiyonat bo‘ldi. Muzokaralar tezlashayotgan bir paytda urush boshlanishi Isroilning muammoni tinch yo‘l bilan hal etishga emas, balki urushni afzal ko‘rishini ochiq-oydin ko‘rsatdi”, deyiladi maqolada.
Shuningdek, Aroqchi Isroil yana bir bor yolg‘on da’vo bilan, go‘yoki Eronda yadro quroli yaratishni to‘xtatish uchun havo hujumlari uyushtirilganini iddao qilganini yozgan. Uning bildirishicha, haqiqat boshqacha: Eron Yadro qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaning (NPT) asoschilaridan biri sifatida yadroviy dasturini har doim BMT nazorati ostida tinch yo‘nalishda olib borgan.
“Eron, har qanday o‘z izzatini yaxshi biladigan millat kabi, tajovuzga qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Isroil rejimi uni to‘xtatish uchun Prezident Trampga yolvorishga majbur bo‘ldi.
Eron endi ikki hissa ehtiyotkorlik bilan harakat qilayotgani barchaga aniq-ravshan bo‘lishi kerak. Shu paytgacha urushdan qochish yo‘lida ko‘rsatgan mas’uliyatli yondashuvimiz hech qachon zaiflik sifatida talqin qilinmasligi lozim. Biz yurtimizni kelajakdagi har qanday hujumdan butun kuchimiz bilan himoya qilamiz. Agar o‘sha kun kelsa, Eron haqiqiy kuchini namoyon etadi va bu xalqimiz qudrati borasidagi har qanday o‘y-xayollarni yo‘qqa chiqaradi”, deyiladi maqolada.
Aroqchining qayd etishicha, Eron va AQSH o‘rtasidagi besh davra muzokaralar natijasida erishilgan yutuqlarni yo‘qqa chiqarish Eron tomonidan emas, balki AQSHning “ittifoqchisi” tomonidan amalga oshirildi.
“Bundan tashqari, AQSHga turli bosimlar natijasida, uning xalqaro huquq va NPT majburiyatlarini buzgan holda nazorat ostidagi yadroviy inshootlarni bombardimon qilishi o‘zi ham yetarlicha izohdir.
Bugungi kunda Eron AQSHning ehtimoliy muzokaralarga qaytish istagi borasida ba’zi xabarlarni olmoqda. Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: biz qanday qilib yangi muloqotga ishonch bildirishimiz mumkin? Eslatib o‘tamiz, 2015 yilda Eron AQSH hamda yana beshta davlat bilan keng ko‘lamli yadroviy kelishuv imzolagan edi. Ammo oradan uch yil ham o‘tmasdan AQSH bu bitimdan bir tomonlama chiqdi. Shundan keyin, Eron yaxshi niyat bilan yangi muzokaralarni boshlaganida, bunga yadroviy qurolga ega ikkita armiyaning hujumi bilan javob berildi”, deyiladi maqolada.
Aroqchiga ko‘ra, Eron doimo diplomatiyaga sodiq qolgan bo‘lsa-da, AQSH bilan muzokaralarni davom ettirishga nisbatan jiddiy ishonchsizlik uchun yetarlicha sabablar mavjud. Agar ushbu mojaro tinch yo‘l bilan hal etilishi istaladigan bo‘lsa, AQSH o‘zining adolatli kelishuvga erishishga bo‘lgan chinakam tayyorgarligini ko‘rsatishi lozim. Vashington, shuningdek, o‘zining so‘nggi haftalardagi harakatlari vaziyatni tubdan o‘zgartirib yuborganini tushunishi kerak.
“Prezident Tramp ilgari surgan “Avvalo AQSH” va’dasi amalda “Avvalo Isroil”ga aylantirildi. Amerikaliklar bizning mintaqamizda yuz minglab insonlar qurbon bo‘lganini hamda o‘zlarining minglab milliard dollar soliq mablag‘lari osmonga uchganini, shuningdek, bu jarayonning halokatli ekanligini endi yetarlicha anglab yetmoqda.
AQSH rahbariyati yakuniy qaror qabul qilishda shuni anglab yetishi kerakki, tinchlikka erishishning yagona yo‘li zo‘ravonlik va bosim ostida emas, balki o‘zaro hurmat asosidagi muzokaralarni davom etirishdir.
AQSH diplomatiyani tanlaydimi? Yoki o‘ziga aloqasi bo‘lmagan urush girdobida qolishni xohlaydimi? So‘nggi tanlovni amalga oshirish AQSHning ixtiyorida”, deyiladi maqolada.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida AQSH Prezidenti Donald Tramp ikki yo‘ldan birini – Yaqin Sharqda tinchlikni qo‘llab-quvvatlash yoki Isroilga Qo‘shma Shtatlarni Eron bilan urushga tortishiga imkon berish – tanlashi kerakligini aytgandi.
Live
Barchasi