So‘nggi maktub: Daniyada pochta xizmati qog‘oz xat tashishni to‘xtatdi
Olam
−
31 dekabr 2025 1766 1 daqiqa
Daniya rasmiy ravishda qog‘oz xat berishdan voz kechish qarorini qabul qilgan dunyodagi birinchi davlatga aylandi. Oxirgi maktub kecha, 30 dekabr kuni yetkazib berilgan. Bu haqda CNN xabar berdi.
Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, raqamli davr Daniya pochta xizmatining tarixiy yakunini belgilab bergan. Bugun, 31 dekabrdan boshlab mamlakatda pochta xizmati endi qog‘oz xatlar yetkazib bermaydi.
“Daniya davlat pochta xizmati PostNord 30 dekabr kuni so‘nggi maktubni yetkazib berdi. Shu bilan 400 yillik tarixga ega pochta xizmati raqamli davr sabab yakunlandi”, deyiladi xabarda.
Daniya pochta xizmati 2024 yilda 2000 yilga nisbatan xatlar sonini 90 foizdan ko‘proqqa kamaytirgan. Taqqoslash uchun, AQSH pochta xizmati 2024 yilda 2006 yilga qaraganda 50 foizga kam xat yetkazgan.
PostNord kompaniyasi Daniya bo‘ylab joylashtirilgan 1500 ta pochta qutisini demontaj qilgan. Kompaniya ularni 10 dekabr kuni xayriya uchun mablag‘ yig‘ish maqsadida sotuvga qo‘yganida, yuz minglab daniyaliklar ularni sotib olishga uringan.
Endilikda daniyaliklar xatlarni pochta orqali yuborish o‘rniga ularni do‘konlardagi kiosklar orqali topshirishga majbur bo‘ladi. U yerdan xatlar ichki va xalqaro manzillarga xususiy kompaniyalarning kurerlik xizmatlari orqali yetkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyaning milliy pochta operatori La Poste Rojdestvo bayrami arafasida yirik kiberhujumga uchragani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi