Qozog‘istondan kirib kelgan 99 kishida koronavirus aniqlandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda so‘nggi 14 kunda karantinga joylashtirilgan 49 042 kishining 734 nafarida koronavirus aniqlandi. Ularning 283 nafari Toshkent viloyatidagi karantin zonasida bo‘lgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

“So‘nggi 14 kunni tahlil qiladigan bo‘lsak, o‘tgan davrda 17 ta charter reyslar bilan olib kelingan 4056 nafar, chegara o‘tkazish postlari orqali mamlakatimiz hududiga kirib kelgan 11 216 nafar hamda muloqotda bo‘lganlar bilan birgalikda hisoblanganda jami 20 035 nafaro fuqarolar statsionar karantinga olingan”, deydi vazirlik boshqarma boshlig‘i Bahromjon Igamberdiyev. 

Shu davrda mamlakatda 734 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan bo‘lsa, shundan 283 nafari Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanidagi Karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasidan tasdiqlangan.

Tahlillarga ko‘ra, xorijdan charter reyslar bilan olib kelinganlar orasida eng ko‘p kasallanganlar 14 may kuni Sankt-Peterburg shahridan olib kelingan fuqarolarda aniqlanib, 86 nafarni tashkil etgan. 

Chegara o‘tkazish postlari orqali kirib kelganlar orasida eng ko‘p kasallanish holati esa Qozog‘iston Respublikasidan “G‘ishtko‘prik” chegara postidan kirib kelgan fuqarolar orasida aniqlandi. Ularning soni 99 nafar.

“E’tiborli jihati, xorijdan charter reyslari bilan olib kelinayotgan, chegara o‘tkazish postlari orqali yurtimiz hududiga kirib kelayotgan, shuningdek, kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar sanitariya-epidemiologik talablarga qat’iy rioya etilgan holda karantin muassasalariga joylashtirilmoqda. Shaxsiy gigiyenik va bir martalik vositalar bilan ta’minlanib, muntazam tibbiy kuzatuvga olinadi. Shu o‘rinda unutmaslik kerakki, ayni paytda davlat byudjetidan statsionar sharoitda tibbiy kuzatuvda bo‘lgan har bir fuqaroning bir kuni uchun o‘rtacha 153 ming 700 so‘m sarflanmoqda. 14 kunlik karantin kuzatuvi muddati davomida kasallik aniqlanmagan va karantin muassasasida kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lmagan fuqarolar maxsus ajratilgan transport vositalarida o‘z manzillariga yetkazib qo‘yilmoqda. Umuman olganda, statsionar karantinga olishdan tortib, karantin muddati tugagach, fuqarolarni o‘z uylariga yetkazib qo‘yishgacha bo‘lgan barcha xarajatlar davlat byudjetidan to‘liq qoplanmoqda”, deya so‘zida davom etdi Bahromjon Igamberdiyev.

Ma’lumot uchun, statsionar va uy karantiniga olish tadbirlari boshlangan ilk kunlardan ayni paytga qadar karantinga olingan jami 394 181 nafar fuqarodan 348 292 nafari karantindan chiqarilgan. Shundan, uy karantiniga olingan 305 044 nafar fuqarodan 280 006 nafari chiqarilgan. Statsionar karantinga olingan 89 137 nafar fuqarodan esa 68 286 nafari chiqarilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Hozirda mamlakatda koronavirusga chalinganlar 3281 nafarni tashkil qilmoqda. Bugungacha bemorlarning 2636 nafari sog‘aygan va 13 nafari vafot etgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

203

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing