So‘nggi 12 soat ichida koronavirus bilan bog‘liq qanday yangiliklar yuz berdi?
Olam
−
27 aprel 2020
12636So‘nggi 24 soat ichida dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq qanday yangiliklar bor? Qanday voqea-hodisalar yuz berdi? Bularning bari QALAMPIR.UZ’ning 27 aprel kungi dayjestida.
Dunyoda yangi koronavirus bilan kasallanganlar soni deyarli uch millionga yetdi. Pandemiya paytida 2,994,761 shaxsning koronavirusga topshirgan test natijasi ijobiy chiqdi. Bundan tashqari, 206 992 bemor koronavirus infeksiyasining qurboniga aylandi. Dunyoda 878 820 kishi ushbu kasallikdan shifo topdi. Hozirgi kunda ahvoli og‘ir deb baholanadigan bemorlarning soni 57 603 kishini tashkil etmoqda.
O‘zbekistonda 81 079 nafar fuqarolar salomatligi ustidan tibbiy nazorat davom etmoqda. 62 825 nafar bemor uy sharoitida, 18 254 nafari esa statsionar sharoitda karantinga olingani aytildi. Ayni vaqtgacha koronavirus yuqtirganlar soni 1869 nafarga yetdi. Ulardan 789 nafari sog‘aydi, bemorlarning 8 nafari vafot etgan.
26 aprel holatiga ko‘ra, Qozog‘istonda koronavirusga chalinganlar soni 2 717 nafarga yetdi. Bu haqda mamlakat SSV ma’lum qilgan. Infeksiyadan shifo topganlar soni 682 nafarga yetdi. Vafot etganlar soni 25 nafarni tashkil etmoqda.
Janubiy Koreyada so‘nggi sutkada koronavirus infeksiyasining 10 ta holati qayd etildi va 47 kishi undan shifo topdi. Infeksiyadan zararlanganlarning umumiy soni 10 738 nafarga yetdi, 8 764 bemor sog‘ayib ketdi, 243 nafari vafot etdi. Bu haqda Qoreya Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi xabar bermoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili Margaret Xarrisning ta’kidlashicha, dunyoning ko‘plab mamlakatlari Xitoyning xatti-harakatlariga asoslanib, to‘liq izolyatsiya rejimiga o‘tdi. “Biz boshida izolyatsiya rejimini joriy etish haqida hech qachon gapirmagan edik. Kasallikni monitoring qilish, kuzatish va davolash haqida bosh qotirayotgan bir vaqtda voqealar rivoji juda tezlashib ketdi. Dunyo davlatlari Xitoyning qo‘llagan rejimini kuzatdi va bu samara berayotganini ko‘rdi. Shundan so‘ng, izolyatsiya rejimini joriy etish boshlandi”, dedi u.
18 maydan Italiyada muzeylar va ko‘rgazmalar, shuningdek, chakana savdo do‘konlari faoliyatini qayta tiklamoqchi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Juzeppe Konte ma’lum qilmoqda. “18 maydan boshlab chakana savdo tarmoqlari ochiladi. Shuningdek, muzeylar, ko‘rgazmalar va kutubxonalarning faoliyatini davom ettirishga, shuningdek, jamoaviy sport mashg‘ulotlarini o‘tkazishga imkon bermoqchimiz”, dedi u kecha, 26 aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
AQSHda koronavirus bilan kasallangan bemorlar soni 954 182 kishini tashkil etmoqda. Infeksiya oqibatida 54 573 kishi vafot etgan. Amerika Qo‘shma Shtatlari ikkala ko‘rsatkich bo‘yicha ham dunyoda yetakchilik qilmoqda.
LiveBarchasi