Sun’iy to‘siqlar hali-xanuz mavjud – Safoyev monopoliya haqida

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 30 noyabr kuni bo‘lib o‘tayotgan Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev mamlakat tadbirkorlik sohasida davom etib kelayotgan monopoliyaga barham berish masalasiga to‘xtaldi. 

“Boshqaruv sohasidagi islohotlarning hal qiluvchi yo‘nalishi bu – davlatning iqtisodiyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuvini qisqartirishdir. Zamon iqtisodiyotda Hukumat ulushi katta bo‘lgan tizimning raqobatbardosh emasligini ko‘rsatdi. Shu bois, ma’muriy boshqaruv islohotlarning hal qiluvchi ko‘rsatkichi va uning asosiy yo‘nalishi – xususiylashtirish va monopoliyaga barham berishdir”, deydi Safoyev.

Doimiy ravishda tadbirkorlar huquq va manfaatlarini himoya qilib chiquvchi senatorning aytganlari u majlisdan bu majlisga ko‘pincha rejada va qog‘ozda qolib ketadi. Masalan, o‘tgan yalpi majlislarda aytilgan investorlarga huquqiy kafolat berish bilan bog‘liq ma’ruza qanchalik otashin bo‘lmasin, ammo amaliy natijasini ko‘rsatgani yo‘q. Safoyev bu safargi o‘tli chiqishida quyidagilarni qo‘shimcha qiladi: 

“Bu sohada oxirgi uch yil mobaynida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi 86 ta litsenziyalanadigan faoliyat turi va ruxsat berish tartib-taomili bekor qilindi. Natijada, xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotlar soni 25%ga ko‘paydi. Ko‘p tarmoqlarda raqobat ortdi: shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari, mebel, tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishda. Avval yuqori darajada monopoliyalashgan qurilish materiallari, kabel mahsuloti va pul o‘tkazish hizmati kabi sohada yakka hukmronlikka barham berildi. Umuman, mamlakatda monopol korxonalar soni ikki barobar qiskardi”. 

Sodiq Safoyev mamlakatda monopol kompaniyalar kamayganiga aminmi? Monopol kompaniyalar vaziyat taqazosi bilan kamaygan bo‘lsa bordir, ammo Vazirlar Mahkamasi mamlakatda bojxona sohasi bo‘yicha joriy etayotgan yangi tartib-taomillar ortidan boshqa yo‘nalishda monopollar vujudga kelishiga sharoit yaratib bermayaptimi?  

“Ammo bu sohada o‘z yechimini kutayotgan tizimli masalalar ko‘zga tashlanmoqda. 

Tovar va moliya bozorlarida davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar mavqei baland. Ular monopoliyalarning 80 foizini tashkil qilmoqda va o‘z nazoratlarida ostida bo‘lgan tuzilmalar tashkil etib raqobatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqdalar. Bugun bunday korxonalar soni 4,3 mingdan ortiqni tashkil etadi.

Davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning samarasizligi subsidiya berish, soliq va bojxona imtiyozlari, imtiyozli kreditlarni taqdim etish shaklidagi davlat ko‘magi bilan qoplanmoqda.

Moliya va kapitallar bozorlarida davlat ishtiroki balandligicha saqlanib qolmoqda. Ushbu holat o‘z navbatida manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqarmoqda va bozor mexanizmlarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda. Bank sektorining 83 foizi davlat ishtirokida faoliyat ko‘rsatadi. Tarmoq regulyatorlari raqobatni rivojlantirishda sustligicha qolmoqda.

Tabiiy monopoliyalar tomonidan qo‘llanadigan narxlarni shakllantirish usuli xarajatlarni tejash o‘rniga ularni ko‘paytirishni rag‘batlantiradi”. 

Safoyevning fikricha olib borilayotgan islohotlarga qaramay, bozorda, real hayotda o‘zgarishlar, tadbirkorlar oldida turgan to‘siqlar talaygina. 

“Biznes sub’ektlari uchun bozorga chiqishda sun’iy to‘siqlar hali-xanuz mavjud. Natijada Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof oqimi past darajada saqlanib qolmoqda. Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekiston 180 ta mamlakat orasida 140-o‘rinni egalladi.

Bu vaziyatda, xukumat tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish Strategiyasi bo‘yicha “Yo‘l Xaritasini” qabul qilishni tezlashtirish kerak. Rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqkan holda, bu sohadagi faoliyat yuzasidan Senat muntazam ravishda Monopoliyaga qarshi kurashish Qumitasining axborotini eshitish amaliyotini joriy qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi”, deydi Senat raisining birinchi o‘rinbosari.


Maqola muallifi

Teglar

Yalpi majlis Sodiq Safoev

Baholaganlar

28

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing