Sun’iy intellekt 300 million kishini ishsiz qoldirishi mumkin
Texnologiya
−
31 mart 2023
10767Goldman Sachs hisobotiga ko‘ra, sun’iy intellekt texnologiyasining rivojlanishi sabab dunyo bo‘yicha 300 million kishi ishsiz qolishi mumkin. Bu haqda moliyaviy institut o‘tkazgan tadqiqot hisobotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, sun’iy intellekt tufayli dunyo mehnat bozorida jiddiy buzilish kuzatilishi mumkin. AQSH va Yevropadagi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ish o‘rinlarining uchdan ikki qismi ma’lum darajada avtomatlashtirilishi mumkin. Tahliga ko‘ra, garchi tarixiy tajribada texnologik taraqqiyot ish o‘rinlarini qisqartirmay, aksincha, yangi kasblarni yaratgan bo‘lsa ham sun’iy intellekt 300 million ish o‘rniga ta’sir o‘tkazishi va mehnat bozorida o‘zgarishlar kuzatilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Sun’iy intellekt asosan kamroq jismoniy mehnat talab qiladigan kasblarga ta’sir o‘tkazishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. AQSHda sun’iy intellekt ofis va ma’muriy qo‘llab-quvvatlov kasblariga eng ko‘p – 46 foiz ta’sir qilishi prognoz qilingan. Keyingi o‘rinlarda yuridik kasblar (44 foiz) hamda arxitektura muhandislik sohasidagi vazifalar (37 foiz) qayd etilgan. Jismoniy va gumanitar fanlar sohasida 36 foiz, biznes va moliyaviy operatsiyalarda 35 foiz ish o‘rinlariga sun’iy intellekt ta’sir qiladi.
Eng kam avtomatlashtirish zaruratiga ega sohalar sifatida qurilish, tozalash va ta’minot sektori keltirilgan (1 foiz). Shuningdek, ta’mirlash, texnik xizmat ko‘rsatish, hunarmandchilik va boshqa sohalarga ham sun’iy intellekt eng kam ta’sir qilishi qayd etilgan.
Yevropa bo‘yicha 24 foiz, AQSHda esa 25 foiz kasblar avtomatlashtirilishi mumkinligi taxmin qilinyapti.
Tahlilga ko‘ra, sun’iy intellekt texnologiyasi rivojlangan bozorlarga qaraganda rivojlanayotganlariga kamroq ta’sir o‘tkazadi. Ammo global miqyosda kasblarning 18 foizi sun’iy intellekt tomonidan avtomatlashtirilishi mumkin. Gonkong, Isroil, Yaponiya, Shvetsiya va AQSH mehnat bozorlari sun’iy intellekt sabab eng ko‘p o‘zgarishga uchrashi kutilyapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy intellekt o‘zbek adabiyoti qahramonlarining qiyofalarini yaratgandi.
Nodirjon Madaminov
LiveBarchasi