Sulaymoniyning “o‘ng qo‘li”, “Hizbulloh kuratori... Isroil Suriyada yo‘q qilgan fors generali kim?

Olam

image

Eron davlat televideniyesi uning o‘limini e’lon qilish uchun boshqa barcha turdagi dasturlarini to‘xtatdi. Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy maxsus bayonot berib, uning Suriyadagi muqaddas joylarni himoya qilish uchun qarshilik frontida shahid bo‘lganini e’lon qildi va isroilliklar bu jinoyat uchun tovon to‘lashini aytdi. 

“Bu harakat, shubhasiz, mintaqadagi sionist bosqinchilarning umidsizligi, nochorligi va ojizligining yana bir dalilidir. Ular bu jinoyat uchun albatta javob beradi”, degan Prezident.

Gap Suriyadagi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (SEPAH, Eron Qurolli kuchlarining elita bo‘linmalari) bosh maslahatchisi general Sayid Rozi Musaviy haqida ketmoqda.

Eronning “Tasnim” agentligi tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Musaviy kecha, 25 dekabr kuni Isroilning Suriya poytaxti Damashqqa raketa hujumi oqibatida halok bo‘lgan. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Musaviy Isroilning raketa zarbasi sabab halok bo‘lganini rasman tasdiqladi.

Uning o‘limi holatlari shuni ko‘rsatadiki, Isroil zarbasining asosiy nishoni Musaviyning o‘zi bo‘lgan. Shu tariqa raketalar uning Damashqning Zeynabiyun ziyoratgohi joylashgan Saida Zeyna aholi punktidagi qarorgohiga yo‘naltirilgan. Ammo, Musaviyning harakat trayektoriyasi va yashash joyi Eron maxsus xizmatlari tomonidan nihoyatda sir tutilgan  va uning qayerdaligini juda kam sonli odamlar bilgan. Shunga qaramay, Isroil tomoni hujum paytida Musaviyning o‘sha uyda bo‘lganini aniq bilgan va bu ma’lumot Eron maxsus xizmatlaridagi manbalar yoki agentlardan kelgani o‘z-o‘zidan ayon.

Ma’lumot uchun, Musaviy 2020 yil yanvarida Iroqda AQSHning raketa zarbasi oqibatida halok bo‘lgan mashhur general Qosim Sulaymoniyning eng yaqin kishilaridan biri hisoblangan. Hatto, uni Sulaymoniyning vorisi, deb hisoblaydiganlar ham bor edi. Aynan Musaviy Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining bosh maslahatchisi bo‘lishdan tashqari, tashkilotning “Hizbulloh” va Suriya bo‘yicha kuratori hisoblangan, uni "Suriya urushining dvigateli" va Eronda "Hizbullohning aziz birodari" deb atashgan. 

Sulaymoniyning o‘limidan so‘ng, uning rasmiy vazifalari bir necha kishi o‘rtasida taqsimlanishi kerak bo‘lganda, Sayid Roziy Suriya yo‘nalishini boshqara boshladi. U bu davlatda 30 yil ishlab, Suriyani juda yaxshi bilib olgandi. Uning hatto Suriya Mudofaa vazirligida o‘z idorasi ham bor bo‘lgan.

Qizig‘i shundaki, Musaviy o‘limi yaqinlashayotganini his qilgan va o‘limidan bir necha kun oldin Qosim Sulaymoniyni tushida ko‘rganini atrofdagilarga aytgan. Xabar qilinishicha, Sulaymoniy unga “shahidlikni qabul qilish vaqti keldi”, deb aytgan. Albatta, bu rostdan ham sodir bo‘lganmi yoki Musaviyning o‘limidan keyin uni ilohiylashtirish uchun o‘ylab topilgan gapmi, buni aytish qiyin. Har holda, Erondagi hukmron tuzum bunday “rivoyat” va “voqea”larga alohida ahamiyat berib, hatto uni o‘z mafkurasining ajralmas qismiga aylantirayotgani hech kimga sir emas.

Lekin, generalning har lahza o‘limni kutib yashashi tabiiy, shuningdek, Musuviyning dushmani nafaqat Isroil, balki Eron rahbariyatida, maxsus xizmatlarda ham uni yoqtirmaydiganlar kam bo‘lmagani aytiladi. 

Xo‘sh, Eron Isroilning navbatdagi operatsiyasiga qanday javob beradi?

Ta’kidlash joizki, Musaviydan ham kattaroq va taniqli shaxs bo‘lgan Sulaymoniy vafotidan keyin ham Eron rejimi ko‘plab tahdid va bayonotlar bilan chiqqan edi. Biroq, buning natijasi nafaqat Iroqdagi AQSH bazasi, balki uning atrofida ham ikki-uchta raketa otishdan uzoqqa bormadi va o‘sha raketalarning ba’zilari portlamay ham qoldi. Musaviyning o‘limi ham Eron Sulaymoniyning huni uchun AQSHdan 50 milliard talab qilgandan 20 kun o‘tib sodir bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Sulaymoniy Hizbulloh kuratori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing