Eron Sulaymoniyning huni uchun AQSHdan 50 milliard talab qilyapti
Olam
−
06 dekabr 2023
10301Tehron oliy sudi AQSH ma’muriyati, Amerika tashkilotlari va rasmiylari 2020 yilda Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining “Quds” maxsus bo‘linmasi boshlig‘i, general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi uchun 50 milliard dollar tovon to‘lashi kerakligi haqida hukm chiqardi. Bu haqda Eronning “IRNA” rasmiy axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Tehron xalqaro aloqalar bo‘yicha fuqarolik sudi 3 ming 318 shikoyatchining arizasi bilan ochilgan ish bo‘yicha AQSH davlat muassasalari va bu davlatning xususiy va yuridik shaxslariga moliyaviy va ma’naviy zararni to‘lashga chaqirgan.
Qarorga ko‘ra, AQSH hukumatidan tashqari, 42 nafar jismoniy va yuridik shaxslar, jumladan o‘sha paytdagi AQSH prezidenti Donald Tramp va sobiq davlat kotibi Mayk Pompeo suiqasdga buyruq bergan, shuningdek, AQSHning yuqori martabali amaldorlari va ularga aloqador tashkilotlar 49 milliard 770 million dollar tovon puli to‘lashi belgilangan.
Joriy yilning 27 sentyabr kuni Eron sudi 73 nafar amerikalik, jumladan Trampga nisbatan “Qosim Sulaymoniy va uning atrofidagilarga qarshi terrorchilik harakatlari sodir etish, terrorizmni targ‘ib qilish va asosiy inson huquqlarini buzish”da ayblov xulosasi tayyorlanganini e’lon qilgandi.
Ma’lumot uchun, avvalroq Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon Eron AQSHga qarshi front ochmoqchi ekanligini ma’lum qilgandi.
Sulaymoniyning o‘ldirilishi
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 3 yanvar kuni AQSHning Bag‘dod xalqaro aeroportiga uyushtirgan havo hujumi natijasida Islom inqilobi posbonlari korpusining (IIPK) “Al-Quds” bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgandi. Bunga rasmiy Tehron 8 yanvar kuni Iroqdagi Amerika harbiy bazalariga raketa zarbasi berish bilan javob qaytardi. AQSH hujum natijasida qurbonlar yo‘qligi, zarar kam ekanini ma’lum qildi.
Pentagon Sulaymoniyni yo‘q qilish buyrug‘i shaxsan sobiq Prezident Donald Tramp tomonidan berilganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng ikki davlat o‘rtasida urush chiqishi xavfi ortib ketgandi.
Sulaymoniy Afg‘oniston, Iroq, Suriya va Liviya kabi mamlakatlarda Eron siyosatidagi eng nufuzli shaxslardan biri bo‘lgan.
Bir tomondan, Sulaymoniy Qo‘shma Shtatlarga qarshi kurashgan guruhlarning qo‘mondoni vazifasini bajargan bo‘lsa, boshqa tomondan u Iroqda AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda muhim rol o‘ynagan. Shu munosabat bilan Sulaymoniy nafaqat qo‘mondon, balki yaxshi diplomat sifatida ham tanilgan edi.
Qosim Sulaymoniy, shuningdek, Oyatulloh Ali Homanaiydan keyin Eronning xavfsizlik siyosatini shakllantirishdagi eng ta’sirchan ismlardan biri bo‘lgan.
LiveBarchasi