Eron AQSH va Isroilni Sulaymoniy o‘limi uchun javobgarlikka tortishga chaqirdi
Olam
−
03 yanvar 2022
5805Eronning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Majid Taxt-Ravonchi BMT Xavfsizlik Kengashidan AQSH va Isroilni general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi uchun javobgarlikka tortishga chaqirdi. Bu haqda Ravonchining Xavfsizlik Kengashi raisiga yo‘llagan maktubiga asoslanib xabar berilgan.
Maktub Sulaymoniy o‘ldirilganining ikki yilligi munosabati bilan yuborilgan.
2020 yil 3 yanvarga o‘tar kechasi AQSH tomonidan Bag‘dod xalqaro aeroporti hududida amalga oshirilgan operatsiya natijasida eronlik general, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy va Iroq shia qo‘shini rahbari o‘rinbosari Abu Mahdi al-Muhandis o‘ldirilgan. Vashingtonda ular 2019 yil 31 dekabr kuni Bag‘doddagi Amerika elchixonasiga hujum uyushtirishda ishtirok etgan deb taxmin qilinadi. Eron bunga javoban AQSHning Iroqdagi bazalariga, jumladan Ayn al-Asadga zarba bergan.
Ravonchining so‘zlariga ko‘ra, Sulaymoniy xalqaro terrorizmga qarshi kurashda muhim rol o‘ynagan, shuning uchun uning o‘ldirilishi ISHID va BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan tan olingan boshqa terroristik guruhlar uchun “katta sovg‘a” bo‘lgan.
“Xalqaro tinchlik va xavfsizlikka oid ushbu terroristik hujumning dahshatli oqibatlarini hisobga olib, Xavfsizlik Kengashi qonun bilan belgilangan majburiyatlarini bajarishi hamda AQSH va Isroil rejimini ushbu teraktni rejalashtirish, qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirish uchun javobgarlikka tortishi kerak”, deydi Ravonchi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron harbiylari Sulaymoniyning yo‘lini davom ettirishga, mintaqa davlatlari va hukumatlarining so‘rovlariga ko‘ra, “mintaqadagi xorij tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan terroristik guruhlarga qarshi ular butunlay yo‘q qilinmaguncha kurashishga” faol yordam berishga bel bog‘lagan.
Ma’lumot o‘rnida, Sulaymoniy Afg‘oniston, Iroq, Suriya va Liviya kabi mamlakatlarda Eron siyosatidagi eng nufuzli shaxslardan biri bo‘lgan.
Bir tomondan, Sulaymoniy Qo‘shma Shtatlarga qarshi kurashgan guruhlarning qo‘mondoni vazifasini bajargan bo‘lsa, boshqa tomondan u Iroqda AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda muhim rol o‘ynagan. Shu munosabat bilan Sulaymoniy nafaqat qo‘mondon, balki yaxshi diplomat sifatida ham tanilgan edi.
Qosim Sulaymoniy, shuningdek, Oyatulloh Ali Homanaiydan keyin Eronning xavfsizlik siyosatini shakllantirishdagi eng ta’sirchan ismlardan biri bo‘lgan.
LiveBarchasi