Sulaymoniy qotilligida ishtirok etgan amerikalik ofitser o‘lik holda topildi

Olam

image
0:00
0:00
download

AQSH Harbiy havo kuchlari ofitseri Jeyms Uillis Qatarda joylashgan Al-Udeyd aviabazasida o‘lik holda topildi.  

Ta’kidlanishicha, Eron maxsus xizmatlari Uillisni eronlik general Qosim Sulaymoniyni o‘ldirishda ishtirok etgan shaxslar ro‘yxatiga kiritgan. Ma’lum bo‘lishicha, 55 yoshli ofitserning o‘limi janglar bilan bog‘liq emas. Hozirda o‘lim holatlari o‘rganilmoqda. 

Qayd etilishicha, Uillis Harbiy havo kuchlari “Qizil ot” otryadiga qo‘mondonlik qilgan. U AQSH armiyasining harbiy amaliyotini qo‘llab-quvvatlash uchun Qatarda bo‘lgan. 

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 3 yanvar kuni AQSHning Bag‘dod xalqaro aeroportiga uyushtirgan havo hujumi natijasida Islom inqilobi posbonlari korpusining (IIPK) “Al-Quds” bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgandi. Bunga rasmiy Tehron 8 yanvar kuni Iroqdagi Amerika harbiy bazalariga raketa zarbasi berish bilan javob qaytardi. AQSH hujum natijasida qurbonlar yo‘qligi, zarar kam ekanini ma’lum qildi.

Pentagon Sulaymoniyni yo‘q qilish buyrug‘i shaxsan sobiq Prezident Donald Tramp tomonidan berilganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng ikki davlat o‘rtasida urush chiqishi xavfi ortib ketgandi.

Sulaymoniy Afg‘oniston, Iroq, Suriya va Liviya kabi mamlakatlarda Eron siyosatidagi eng nufuzli shaxslardan biri bo‘lgan. 

Bir tomondan, Sulaymoniy Qo‘shma Shtatlarga qarshi kurashgan guruhlarning qo‘mondoni vazifasini bajargan bo‘lsa, boshqa tomondan u Iroqda AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda muhim rol o‘ynagan. Shu munosabat bilan Sulaymoniy nafaqat qo‘mondon, balki yaxshi diplomat sifatida ham tanilgan edi. 

Qosim Sulaymoniy, shuningdek, Oyatulloh Ali Homanaiydan keyin Eronning xavfsizlik siyosatini shakllantirishdagi eng ta’sirchan ismlardan biri bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qosim Sulaymoniy

Baholaganlar

443

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing