“Sukut saqlash topshirilgan!” Vazir yordamchisidan matbuot kotiblarigacha Inoyatovni himoya qilyaptimi?
Jamiyat
−
26 Sentabr 2023
17016Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning yordamchisiman, deb tanishtirgan shaxsning bino tashqarisida to‘planib turgan jurnalistlarga bog‘cha va maktab bolalarining ommaviy zaharlanishi bo‘yicha sukut saqlash topshirilganini aytgan videosi tarqaldi.
Vazir yordamchisi jurnalistlarga “Prezident administratsiyasidan telefon bo‘lgani va bu to‘g‘ridagi savollarga javob berish taqiqlangani”ni ma’lum qilgan.
Jurnalistlar “Biz nima qilishimiz kerak? Sukunat saqlashimiz kerakmi? Matbuot kotibingiz kecha guruhda “Faqat sukut” deb yozdi. Bolalar kasallanayotgan paytda, sukut saqlab bo‘lmaydi!” deya vazir yordamchisining gaplariga e’tiroz bildirgan.
Jurnalistlarning Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbaridan tortib vazirgacha vaziyatni ochiqlamayotgani, bolalarning zaharlanishi haqida biror gap aytmayotgani to‘g‘risidagi noroziliklariga vazir yordamchisi “O‘zingiz uchun bo‘lsa, diktofon va kamerasiz "lubboy" savolingizga javob beradilar”, deya qo‘shimcha qilgan.
Bundan tashqari, u ayni paytda beriladigan intervyu e’tirozlarni yana qo‘zg‘atib yuborishiga ham ishora qilgan.
Shundan so‘ng, Namangan viloyati SSB matbuot kotibi Feruza Ataxanova ham jarayonga aralashib, hozirgi holatda mas’ullarning savollarga javob berishi uchun vaqt talab qilinayotganini bildirgan.
U jurnalistlardan "Inoyatov(Sog‘liqni saqlash vaziri)ning vaziyatni o‘rganib olishiga, bu masalaga oydinlik kiritishiga vaqt berishi"ni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Chust tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ayrim tarbiyalanuvchilari orasida tana haroratining ko‘tarilishi, qusish, qorin og‘rig‘i alomatlari kuzatilgan. 71 nafar bolaning sog‘lig‘idan shikoyatlar qayd etilgan va ular tezkorlik bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Namanganda sodir bo‘lgan voqea ortidan Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovaning ko‘rsatmasi bilan maktab va bog‘chalarga tarqatilgan yod preparati iste’moli to‘xtatilgandi.
Shundan so‘ng, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova Namanganda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Chust tumanida bolalarning ommaviy zaharlanishiga dori vositasi sabab bo‘lmaganini aytgan.
23 sentyabr kuni Toshkent shahrida ham ko‘plab bolalar zaharlanib, shifoxonaga olib kelingan. Ijtimoiy tarmoqlarda Sergeli tumanidagi shifoxonalardan birida olingani aytilayotgan video tarqalgan edi.
Shuningdek, Namangandagi holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi