So‘xni Farg‘ona bilan havo yo‘li orqali bog‘lash rejalashtirilyapti

Jamiyat

image
So‘xdagi mojarodan keyin tumanga yangi hokim tayinlandi north_east

So‘xdagi mojarodan keyin tumanga yangi hokim tayinlandi

O‘zbekistonning anklav hududi So‘x tumanini Farg‘ona viloyati markazi bilan havo yo‘li orqali bog‘lash ustida ish olib borilyapti. Bu haqda tuman hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Gap shundaki, joriy yilning 31 may kuni So‘xdagi “Chashma” chegaroldi hududida Qirg‘iziston fuqarolari bilan yuz bergan to‘qnashuvdan keyin anklav hududga e’tibor ortdi.

Tumanga shaxsan Bosh vazirning o‘zi borib xalq bilan ochiq muloqot qilishi barcha muammolarni yuzaga chiqardi. Natijada Bosh vazir tashrifining ertasiga uning o‘rinbosarlari va vazirlar So‘xga yetib bordi. Tezda tumanni rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi.

Dastur doirasida So‘x tumanidagi Simodon, Kasminon, Hushyor, Malbud va Vargan hududlarida ikki oy davomida tik quduqlar o‘rnatilib, bo‘sh turgan yerlar o‘zlashtirilishi belgilandi. Bundan tashqari, tumandagi eski aerodrom qayta ta’mirlanib, viloyat markaziga havo yo‘llari orqali borib kelishni yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, So‘x tumanidagi barcha muammolarni bartaraf etish uchun 1 trln. so‘mga yaqin mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 31 may kuni chegarada yuz bergan mojaro bo‘yicha Qirg‘iziston vakili bilan Bosh vazir Abdulla Aripov uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaradan keyin Aripov so‘xliklar bilan uchrashuvda Qirg‘iziston vakilidan Rishton-So‘x koridorini ochish masalasini ko‘rib chiqishni so‘raganini ma’lum qildi.

Ammo keyin qirg‘izistonlik deputat O‘zbekistonning o‘z anklavi bilan bog‘lanishi uchun hech qachon imkon berilmasligini, bu masalani Qirg‘iziston o‘zi hal qilishini aytib chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

So'x

Baholaganlar

334

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing