So‘xdagi muammolarni bartaraf etishga 1 trln so‘m ajratiladi. Hududdagi hayot qanday o‘zgaradi?

Jamiyat

image

Kecha, 3 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri Abdulla Aripov rahbarligida So‘x tumani hokimligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda tumanni obod qilish va kelajakda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar haqida so‘z yuritildi. Bu haqda So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, hududda investitsiya sohasida joriy yil davomida qiymati 101 mlrd so‘m bo‘lgan 73 loyiha amalga oshiriladi. Buning natijasida 4,5 ming yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Banklar ko‘magida 82 loyiha amalga oshirilib, buning uchun birgina So‘x tumani uchun 153 mlrd. so‘m kredit yo‘naltiriladi. So‘x tumanidagi barcha muammolarni bartaraf etish uchun 1 trln. so‘mga yaqin mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, yig‘ilish davomida so‘xlik tadbirkorning sement zavodi qurish bo‘yicha tayyorlagan loyihasi ham qo‘llab-quvvatlangan. Oltita mahalla fuqarolar yig‘inida kichik sanoat hududlari tashkil etilishi belgilab olingan. Bundan tashqari, 3 ta dam olish maskani yaratiladigan bo‘ldi.

“Tumandagi markaziy shifoxona hamda qishloq vrachlik punktlari zamonaviy qiyofada ta’mirlanib, zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlanadi. Davlatimiz rahbari tomonidan so‘xlik yoshlarning oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinishi uchun 500 ta kvota ajratiladigan bo‘ldi. Yaqin kelajakda ta’lim sohasidagi muammolar ham to‘liq bartaraf etilib, yangi maktab va qo‘shimcha binolar qurilishi rejalashtirildi. Endilikda, so‘xlik yoshlar oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinayotganida o‘z ona tillari – tojik tilida imtihon topshirishlarini ham yig‘ilishda ma’lum qilindi”, deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda ichimlik va ekinlarni sug‘orishda ishlatiladigan suv masalasi ko‘tarildi. Suv xo‘jaligi vazirining ma’lumotlariga ko‘ra, tumanda suv zaxirasi yetarli, ammo asosiy muammo uning yetkazib berilishida. Tez fursatlarda bu masala ham o‘z yechimini topadi.

Shuningdek, So‘x tumanidagi Simodon, Kasminon, Hushyor, Malbud va Vargan hududlarida ikki oy davomida tik quduqlar o‘rnatilib, bo‘sh turgan yerlar o‘zlashtiriladi. Tumandagi eski aerodrom qayta ta’mirlanadi va viloyat markaziga havo yo‘llari orqali borib kelishni yo‘lga qo‘yiladi.


Maqola muallifi

Teglar

So'x

Baholaganlar

146

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing