So‘x tumani hokimiga yer ajratish huquqi berildi
Jamiyat
−
08 avgust 2020
7081Farg‘ona viloyatining So‘x tumani hokimiga Farg‘ona viloyati hokimligi bilan kelishgan holda 2022 yil 1 yanvarga qadar tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan loyihalar uchun, istisno tariqasida, sug‘oriladigan yer maydonlaridan tashqari yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish huquqi beriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda so‘z boradi.
Mazkur qaror bilan 2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.
Dasturning ijtimoiy sohani rivojlantirish qismiga ko‘ra, quyidagilar amalga oshiriladi:
• 180 o‘ringa mo‘ljallangan qo‘shma tipdagi (4 ta guruh umumiy tipdagi (120 o‘rin) va 4 ta guruh aqliy va ruhiy rivojlanishida nuqsoni bor bolalar uchun (60 o‘rin) mo‘ljallangan) davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil etiladi;
• tumanda 10 ta oilaviy shakldagi maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil etish, 11 ta maktabgacha ta’lim tashkilotining bo‘sh turgan xonalarini ta’mirlash orqali qo‘shimcha guruhlar ochib, tumanda maktabgacha ta’lim tizimiga joriy yil yakunlariga ko‘ra bolalarni qamrab olish ko‘rsatkichi 37,4 foizdan 53 foizga yetkaziladi;
• 2020 yilda “Sharqobod” MFYdagi 14-son maktabgacha ta’lim tashkilotini rekonstruksiya qilinib, 2021 yilda “Qaqir” MFY hududida yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini quriladi;
• “Saribozorcha” MFY hududida 25-son maktabga qo‘shimcha 240 o‘rinli yangi bino quriladi;
• 2021 yilda “Oftobru” hududida 220 o‘rinli yangi maktab quriladi, 4, 18, 25-son maktablar rekonstruksiya qilinadi, 1-son maktab binolarini mukammal ta’mirlanadi;
• tumandagi xorijiy davlatlar diplomlariga ega bo‘lgan fuqarolarni ro‘yxatlarini shakllantiriladi va diplomlarni nostrifikatsiya qilishga ko‘maklashiladi;
• tuman tibbiyot birlashmasining 25 o‘rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasi rekonstruksiya qilinadi;
• kardiologiya, endokrinologiya, nevrologiya, travmatologiya va bolalar bo‘limlari binosi hamda “Lenburg” va “Mulg‘on” qishloq vrachlik punktlari binosi yangidan quriladi va 7 ta mavjud qishloq vrachlik punktlari binolarini rekonstruksiya qilinadi;
• tuman kasalxonasini zarur zamonaviy tibbiy uskunalar va maxsus jihozlangan avtotransport (reanimobil), tez tibbiy yordam brigadalari zamonaviy tibbiy jihozlar va kislorod ishlab chiqarish mini stansiyasi bilan ta’minlanadi;
• tumandagi markaziy shifoxona Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda respublika tibbiyot markazlari o‘rtasida zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda telemeditsina tizimi joriy etiladi;
• tor soha mutaxassislar ta’minotini yaxshilash va aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida So‘x tumanida faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlarining malaka oshirishlari uchun kerakli shart-sharoitlar yaratiladi, klinik ordinatura va magistratura bosqichlariga qo‘shimcha imtiyozli kvotalar ajratiladi;
• tumandagi mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha dorixonalarga dori-darmon vositalarni imtiyozli ravishda markazlashgan tartibda yetkazib beriladi hamda aholi ko‘p yashaydigan (“Demursad”, “G‘aznob”, “Chashma” MFY) hududlarda ehtiyojdan kelib chiqqan holda qo‘shimcha dorixonalar tashkil etiladi;
• tuman kasb-hunar maktabi binosida tumandagi maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlari uchun tabiiy va aniq fanlar bo‘yicha tayyorlov kurslari tashkil etiladi;
• raqamli texnologiyalar o‘quv markazi, maktablardagi informatika sinflarida kompyuter savodxonligi, dasturlash, robototexnika va boshqa to‘garaklar tashkil etiladi.
Mahalla fuqarolar yig‘inlari ish faoliyatini yaxshilash maqsadida o‘z balansiga ega bo‘lmagan:
• 11 ta mahalla fuqaro yig‘ini uchun xizmat binolari davlat-xususiy sheriklik asosida quriladi;
• 4 ta mahalla fuqaro yig‘ini binosi Farg‘ona viloyati mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan quriladi;
• 5 ta mahalla fuqaro yig‘ini binolari kapital ta’mirlanadi;
• 27 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari kompyuter jamlanmalari va mebel jihozlari bilan ta’minlanadi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazish maqsadida tuman markazida yoshlar istirohat bog‘i va madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish uchun zamonaviy jihozlangan yozgi amfiteatr tashkil etiladi.
Tumanda “Yoshlar sport kompleksi”ni tashkil etiladi.
So‘x tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabining “Rovon” shaharchasida joylashgan mavjud bino va inshootlari hamda ochiq o‘yingohini to‘liq rekonstruksiya qilib va uning negizida So‘x tumani 2-son bolalar va o‘smirlar sport maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
“Oftobru” MFY hududida joylashgan sobiq Ijtimoiy-iqtisodiy va pedagogika kasb-hunar kolleji binosining hozirda faoliyat ko‘rsatmayotgan yopiq sport zal binosini tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabiga bepul o‘tkaziladi va bolalar-o‘smirlar sport maktabining mavjud bino va inshootlari rekonstruksiya qilinadi.
O‘rta maxsus ma’lumotli 7 nafar trenerlarni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining maxsus sirtqi ta’lim shakliga maqsadli qabul qilib, jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarning 34 nafariga trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun bepul asosda ruxsatnoma beriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 iyun kuni 2019 yildan buyon tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan Sayidbahrom Sayidmusayev So‘x tumani hokimi etib tayinlangandi.
LiveBarchasi