So‘x-Rishton yo‘li ochildi
Jamiyat
−
01 aprel 2021
7618Farg‘ona viloyati Rishton tumanidan So‘xga boruvchi Qirg‘iziston orqali o‘tuvchi yo‘lning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Endilikda ikki davlatdagi chegara o‘tkazish maskanlari barcha fuqarolar hamda yengil avtomashinalar harakatlanishlari uchun ochiq.
“Rishton” bojxona chegara postining ochilishi katta shodiyonaga aylandi. Chegara majmuasida Qirg‘izistondan tashrif buyurgan mehmonlar keng jamoatchilik hamda yoshlar vakillari ishtirokida karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi.
Tadbirda so‘z olgan Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov hamda Botken viloyati gubernatori Omurbek Suvonaliyev va boshqalar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida boshqa sohalardagi aloqalar kengayib borayotgani, xususan chegaraoldi hududlarning hamkorligi tobora faollashayotganini ta’kidlashdi.
“Bugun ikki xalq uchun katta shodiyona. Qariyb o‘n yildan buyon berk bo‘lgan chegara postlarimizning ochilishi haqiqatdan ham muhim voqeadir. Xalqlarimizning do‘stligi abadiy bo‘lsin”, deydi viloyat hokimi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Kamchibek Tashiyev O‘zbekistonning anklav hududi So‘x tumani uchun Farg‘onaga yo‘lak ochib berilmasligi, O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari muzokaralarda bu masalani gaplashmaganini aytgandi.
Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi vaqtida “munosabatlarimiz tarixida ilk bor chegara bo‘yicha kim nima qilishi kerak, qachon qilishi kerakligi haqida qat’iy kelishib olinganini” aytgandi.
2020 yil 31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi So‘x tumani Chashma qishlog‘ining Qirg‘iziston Respublikasi Botken viloyati Qadamjoy tumani Chechme ayili bilan chegaradosh hududida joylashgan “Chashma” bulog‘i bo‘yida Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida buloqdan foydalanish yuzasidan kelib chiqqan nizo oqibatida ommaviy tartibsizliklar ro‘y bergan.
Ushbu nizoni bartaraf etish maqsadida So‘x tumani Chashma qishlog‘iga yetib borgan mahalliy hokimiyat vakillari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga tartibbuzarlar tomonidan faol qarshilik ko‘rsatilib, ularga turli darajada shikastlar yetkazilgan.
O‘tgan yilning noyabr oyidan buyon mazkur jinoyat ishini ko‘rish ishlari davom etayotgan bo‘lib, sud muhokamasi yakunlanmoqda.
Farg‘ona viloyat sudining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, "So‘x voqealari”ga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida olib borilib, ishni ko‘rishda 22 nafar sudlanuvchi, 36 nafar jabrlanuvchi va 21 nafar guvohlar so‘roq qilingan.
Eslatib o‘tamiz, chegara hududidagi to‘qnashuv ortidan O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov So‘x tumaniga borgandi. U Botken viloyatida Qirg‘iziston Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari (hozirda Bosh vazir) Kubatbek Boronov bilan uchrashgandi.
LiveBarchasi