Suiqasdga uchragan Slovakiya Bosh vaziri yana operatsiya qilinadi – OAV
Olam
−
16 may
4856Kecha, 15 may kuni suiqasdga uchragan Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso yana bir operatsiyani boshdan kechiradi. Bu haqda “Pravda” axborot portali xabar berdi.
Portal ma’lumotlariga ko‘ra, 15 may kuni besh soat davom etgan operatsiya davomida shifokorlar Fitsoning qorin bo‘shlig‘idagi qon ketishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan. Qon to‘xtatuvchi dorilar muammoga olib kelishi mumkin. Bosh vazir son bo‘g‘imidagi operatsiyani kutmoqda.
Shu bilan birga, Slovakiya Mehnat vaziri Erik Tomas Bosh vazirning sog‘lig‘i haqidagi rasmiy xabarlar "o‘rtacha optimistik" degan fikrni bildirdi. Uning aytishicha, Robert Fitsoning ahvoli og‘ir.
Slovakiya ommaviy axborot vositalari Fitsoga suiqasd Slovakiyadagi siyosiy hayotga sezilarli ta’sir ko‘rsatishini taxmin qilmoqda. Fuqarolar, hatto Bosh vazir tarafdori bo‘lmaganlar ham sodir bo‘lgan voqeadan g‘azablanib, u bilan birdam bo‘lib, tezroq sog‘ayib ketishini tilamoqda. Bu fakt Yevroparlamentga bo‘lib o‘tadigan saylov natijalarida ham o‘z aksini topishi kutilmoqda. Fitso boshchiligidagi “Yo‘nalish – Sotsial-demokratiya” partiyasining pozitsiyasi sezilarli darajada mustahkamlandi va ko‘plab saylovchilar saylovda ushbu siyosiy kuchdan nomzodlarga o‘z ovozlarini berishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 may kuni Slovakiya Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng Bosh vazir Robert Fitso tashqarida yig‘ilganlar oldiga chiqqanida, unga qarata o‘q uzilgandi. Shundan so‘ng, Fitso zudlik bilan shifoxonaga yotqizilgan. Xalqaro maydonda ushbu hujum qo‘rquv va g‘azab bilan qarshi olindi. Qator dunyo mamlakatlari yetakchilari ushbu holatga nisbatan o‘z reaksiyalarini bildirdi. Fitsoning o‘zi aprel oyida Facebook’dagi sahifasida slovakiyaliklarga videomurojaat qilib, respublika hukumat koalitsiyasiga kiruvchi partiyalarning yetakchi siyosatchilaridan biriga suiqasd uyushtirish xavfi borligini bashorat qilgandi.
LiveBarchasi