Sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi yangi qonun qabul qilindi. Unda nimalar belgilandi?
Jamiyat
−
25 noyabr 2021
11964Joriy yilning 23 noyabr kuni Prezident O‘zbekiston Respublikasining “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Qonun 10 ta bob va 72 ta moddadan iboratdir.
Unga transchegaraviy sug‘urta, qayta sug‘urta, birgalikdagi sug‘urta, sug‘urta (qayta sug‘urta) sherikchiligi, prudensial normativlar kabi tushunchalar kiritilgan.
39-moddaga asosan sug‘urtalovchilar (qayta sug‘urtalovchilar) AJ shaklida tashkil etiladi. Yuridik shaxs bo‘lgan sug‘urta bozorining boshqa professional ishtirokchilari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tashkiliy-huquqiy shakllarda tashkil etiladi.
O‘zbekiston norezidentlari ham respublika hududida sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari bo‘lgan yuridik shaxslarning muassislari (ishtirokchilari) sifatida ish yuritishi mumkin.
4-bobda sug‘urtalovchining (qayta sug‘urtalovchining), sug‘urta brokerining hamda ularning alohida bo‘linmalarining rahbari va bosh buxgalteriga qo‘yiladigan talablar belgilangan. Jumladan, rahbar oliy ma’lumotga ega bo‘lishi va iqtisodiy, moliyaviy, yuridik ixtisoslikka ega bo‘lgan mutaxassislar uchun sug‘urta sohasida kamida uch yillik ish staji va boshqa ixtisoslikka ega bo‘lgan mutaxassislar uchun sug‘urta sohasida kamida yetti yillik ish staji mavjud bo‘lishi kerak. Bunda sug‘urta agenti sifatidagi, shuningdek yordamchi, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodim lavozimlaridagi ish staji hisobga olinmaydi. Bosh buxgalter buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi Qonunda belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.
Sug‘urta faoliyati sug‘urtalovchi yoki sug‘urtalovchilarning birlashmasi tomonidan qabul qilinadigan Sug‘urta qoidalariga (bundan xalqaro sug‘urta tizimlari doirasida qabul qilinadigan sug‘urta qoidalari mustasno) muvofiq amalga oshiriladi.
Sug‘urta qoidalariga talablar va sug‘urta shartnomasini tuzish tartibi 3-bobda belgilangan. Shuningdek, 31-moddada sug‘urta qildiruvchi va sug‘urtalovchi o‘rtasida elektron shakldagi axborot almashinuvining o‘ziga xos xususiyatlari belgilangan. Elektron shaklda rasmiylashtirilgan sug‘urta shartnomasi va boshqa axborot qog‘ozdagi hujjatga teng hujjat deb e’tirof etiladi.
Shuningdek, Qonunga sug‘urtalovchilar (qayta sug‘urtalovchilar) tomonidan prudensial normativlarga hamda ichki nazoratga va tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir talablarga rioya etilishi majburiyatini yuklaydigan normalar kiritilgan.
Prudensial normativlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
• ustav fondining (ustav kapitalining) eng kam miqdorini;
• to‘lovga qobiliyatlilik marjasining yetarlilik normativini;
• sug‘urtalovchilarning (qayta sug‘urtalovchilarning) alohida tavakkalchiliklar bo‘yicha majburiyatlari normativini;
• sug‘urta zaxiralarini shakllantirish va joylashtirish bo‘yicha normativni;
• vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan boshqa prudensial normativlarni.
Vakolatli davlat organining ichki nazoratga va tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir talablari jumlasiga quyidagilar kiradi:
• prudensial talablar uchun moliyaviy, nazoratga oid hisobotlarning va boshqa hisobotlarning to‘liqligini, ishonchliligini hamda o‘z vaqtida topshirilishini ta’minlash;
• muhim ahamiyatga molik tavakkalchiliklarni aniqlash va boshqarish, stress-testdan o‘tkazish bo‘yicha tasdiqlangan siyosatning, shuningdek muhim ahamiyatga molik tavakkalchiliklarga hamda kapitalga doir hisobotlar tizimining mavjudligi;
• sug‘urtalovchi (qayta sug‘urtalovchi) uchun muhim ahamiyatga molik tavakkalchiliklarni boshqarishga va ularning samaradorligini baholashga doir siyosatning izchil amalga oshirilishi hamda unga rioya etilishi;
• ichki hujjatlarda belgilangan tavakkalchiliklarning va kapitalning cheklangan miqdorlariga rioya etilishi, sug‘urtalovchi (qayta sug‘urtalovchi) tavakkalchiliklarni boshqarish bo‘yicha qo‘llayotgan tartib-taomillar samaradorligi ustidan kuzatuv kengashi tomonidan nazoratni amalga oshirish.
Shuningdek Qonunda quyidagilar belgilangan:
• vakolatli davlat organn tomonidan qo‘llaniladigan choralar va sanksiyalar;
• litsenziyaning amal qilishini tugatish uchun asos bo‘ladigan litsenziya talablari va shartlarining bir marta qo‘pol ravishda buzilishi;
• sug‘urtalovchilarning (qayta sug‘urtalovchilarning) to‘lovga qobiliyatliligini baholash;
• sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish choralari va boshqalar.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
LiveBarchasi