“So‘g‘diyona” – “Turon” o‘yinini boshqargan hakam futboldan chetlatildi
Sport
−
15 mart 2021
12044Kecha – 14 mart kuni O‘zbekiston Superligasining 2-turidan o‘rin olgan “So‘g‘diyona” – “Turon” uchrashuvida yuzaga kelgan holatlar futbol jamoatchiligining muhokamalariga sabab bo‘ldi.
Gap shundaki o‘yindan olingan lavhalarda bosh hakam Viktor Serazitdinov bir qancha vaziyatda ochiqcha ko‘rinib turgan vaziyatlarda noto‘g‘ri qarorlar qabul qilgani ko‘rindi.
Bugun, 15 mart kuni O‘FA Hakamlik qo‘mitasi tomonidan mazkur bahsni boshqarib borgan bosh hakam Viktor Serazitdinovning o‘yin davomidagi xatti-harakatlari atroflicha tahlil qilib chiqildi.
Mutaxassislar “So‘g‘diyona” – “Turon” uchrashuvi video-lavhasini qayta ko‘rib, vaziyatlarni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqqan. Tahlil natijasida, bosh hakam Viktor Serazitdinov uchrashuvning 29-daqiqasida “So‘g‘diyona” darvozasi tomon 11 metrlik jarima zarbasi belgilamaganligi aniqlandi. Shuningdek, bosh hakam 52-daqiqada “Turon” futbolchisi o‘z jarima maydonida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi, deya baholab, penalti belgilagan vaziyat xato ekanligi Qo‘mita vakillari tomonidan qayd etildi.
O‘FA Hakamlik qo‘mitasining yakuniy qaroriga muvofiq, qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yganligi hamda ushbu xatolar o‘yin natijasiga ta’sir o‘tkazganligi sababli Viktor Serazitdinovning mazkur uchrashuvdagi faoliyati qoniqarsiz deb baholandi va hakamlik faoliyatidan nomuayyan muddatga chetlatildi.
Shuningdek, O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi tomonidan mazkur holat bo‘yicha tegishli ma’lumotlar, mazkur futbol uchrashuvi qaydnomasi va inspektor hisoboti, videomateriallarni o‘rganib chiqish ishlari boshlangan. Noqonuniy holatlar aniqlangan taqdirda O‘FA Etika qo‘mitasi tegishli tartibda ko‘rib chiqib, yakuniy qarorlarni qabul qiladi.
LiveBarchasi