Xitoyda 2000 dan ortiq robot ishtirokida sport musobaqasi bo‘ladi

Sport

image

Joriy yilning 22 avgust kuni Xitoy poytaxti Pekinda ikkinchi Jahon gumanoid robotlar musobaqasi start oladi. Unda 2000 dan ortiq antropomorfik robot ishtirok etadi. Bu haqda Xitoy Markaziy televideniyesi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 26 avgustga qadar davom etadigan musobaqada 666 ta jamoa qatnashadi. Tadbir Pekin shahar hukumati, Xitoy media korporatsiyasi, Jahon robototexnika hamkorlik tashkiloti hamda Robototexnika bo‘yicha jahon kubogining Osiyo-Tinch okeani kengashi tomonidan tashkil etilmoqda.

Besh kun davomida sport, ishlab chiqarish va iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida musobaqalar o‘tkaziladi. Jumladan, to‘pli sport turlari, futbol, kurash, va xizmat ko‘rsatishga oid 21 ta yo‘nalish bo‘yicha bellashuvlar tashkil etiladi.

Musobaqalarning jadvali zich ekani inobatga olinib, maydonda robotlarni zaryadlash va tayyorlash uchun maxsus infratuzilma yaratilgan. Ishtirokchilar texnik nosozliklarning oldini olish va aloqani barqaror ta’minlash maqsadida 5G tizimidan foydalanadi.

Tashkiliy qo‘mita rahbari o‘rinbosari Chjao Dunveyning aytishicha, musobaqaning texnologik platformasi turli model va brendlarga mansub robotlarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

Uning ta’kidlashicha, tadbirning asosiy maqsadi gumanoid robotlarni ishlab chiqarish va kundalik hayotga yanada kengroq integratsiyalashuvini rag‘batlantirishdan iborat.

Ma’lumot uchun, birinchi Jahon gumanoid robotlar musobaqasi 2025 yil 15-17 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan. Unda qariyb 500 ta antropomorfik robot ishtirok etgan. Musobaqada Avstraliya, Braziliya, Germaniya, Italiya, Indoneziya, AQSH va Yaponiya kabi 16 mamlakatdan 280 ta jamoa qatnashgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda aralash yakkakurash (MMA) qoidalari bo‘yicha dunyodagi ilk robotlar jangi bo‘lib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing