Tarixda ilk bor robotlar o‘rtasida MMA jangi o‘tkazildi (video)
Sport
−
17:29 2149 1 daqiqa
Kecha, 16 iyul kuni Xitoyda aralash yakkakurash (MMA) qoidalari bo‘yicha dunyodagi ilk robotlar jangi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda MMA Mania xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu bellashuv Xitoyning EngineAI kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan Ultimate Robot Knock-out Legend (URKL) robototexnika musobaqasi doirasida o‘tkazilgan. Jang Shenchjen shahridagi Nanshan madaniyat va sport markazida bo‘lib o‘tgan hamda unda mashhur kino yulduzi Donni Yen maxsus mehmon sifatida qatnashgan.
Musobaqaning saralash bosqichida dunyoning 10 ta davlatidan 200 dan ortiq jamoa ishtirok etgan bo‘lib, onlayn saralash yakunlariga ko‘ra finalga 32 ta jamoa yo‘llanma olgan.
Barcha ishtirokchilar asosiy jangchi sifatida EngineAI’ning T800 robotidan foydalangan. Jamoalar robotlarga raqobatda ustunlik berish maqsadida maxsus zirhlar, konstruktiv yechimlar va muhandislik takomillashtirishlarini ishlab chiqqan.
Ishtirokchilar orasida Kaliforniya universiteti (Berkli), Stenford universiteti, Sinxua universiteti, Chjetszyan universiteti va Gonkong universiteti jamoalari ham bo‘lgan. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 10 million yuan (taxminan 1,48 million dollar)ni tashkil qilgan.
Live
Barchasi