Sudlar eskicha ishlashda davom etyapti, tergovchilar sust, advokatlar... – Mirziyoyevning tizimdan ko‘ngli to‘lmayapti

Jamiyat

image

Sudlarda ishlarni ko‘rib chiqish eskicha davom etayapti. Advokatlarning o‘rni yuqori emas. Tergovchilar o‘z ustida ishlamay qo‘ygan. Bu fikrlar bugun, 14 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan odil sudlovni ta’minlash borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda yangradi. 

Yig‘ilishda sud-huquq sohasidagi muammolar tahlil qilinib, sohani isloh qilish bo‘yicha takliflar muhokama qilingan.

Qayd etilishicha, har yili o‘rtacha 1 million 500 ming aholi sudlarga murojaat qiladi. Viloyat sudlari odil qaror chiqarish bo‘yicha yetarlicha mas’uliyat olmayotgani sababli ovoragarchiliklar ko‘p. Misol uchun, yil boshidan buyon 18 ming fuqaro viloyat sudlari qabul qilgan qarorlardan norozi bo‘lib, Oliy sudga kelgan.

Sudga aralashuvlarning oldini olish uchun sudyalarning vakolat muddati uzaytirildi, maoshi keskin oshirildi. Ularni lavozimga tayinlash Sudyalar oliy kengashiga o‘tkazildi. Lekin bu borada haliyam ayrim bo‘shliqlar bor.

Shu bois Prezident sudlarda tortishuv muhitini shakllantirish, huquq-tartibot idoralari ishini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Viloyat sudlari mas’uliyatini oshirish, jinoyat ishini ayblov xulosasi va himoyachi fikri bilan birga qabul qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihalari ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Sudyalar oliy maktabini tubdan isloh qilish, tuman va viloyat sudlari uchun mol-mulk, oila, soliq, mehnat munosabatlariga ixtisoslashgan sudyalar tayyorlash muhimligi ta’kidlandi. Sudyalar hamjamiyatining vakolatlarini kuchaytirish, sudyalar sonini bosqichma-bosqich ko‘paytirish taklifi ma’qullandi.

Davlat rahbari sohada raqamlashtirishni kengaytirib, axborot tizimlarini uyg‘un qilish, zamonaviy texnologiyalar orqali odamlarga qulayliklarni oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.


Maqola muallifi

Teglar

sud

Baholaganlar

274

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing