Sudga nisbatan ijtimoiy bosim paydo bo‘lyapti – Sudyalar oliy kengashi Jo‘rayevlar ishi haqida

3-sahifa

image

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida da’vogar Botir Qodirovning Jo‘rayevlarga nisbatan “otalik faktini belgilash”ga oid fuqarolik nizosi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati bayonot berdi.

Qayd etilishicha, fuqarolik nizosi taniqli shaxslar o‘rtasida kechayotgani hamda marhum va mashhur inson (Sherali Jo‘rayev) hayoti bilan bog‘liqligi bois voqealar rivoji keng jamoatchilik tomonidan katta e’tibor bilan kuzatilayotgani, ayni jarayonda ish bo‘yicha taraflarning holatiga tushunish bilan munosabatda bo‘lish mumkin. Sudyalar oliy kengashi mazkur nizo sudlashish darajasiga yetib, protsessual jarayonlar davom etayotgan bir paytda taraflar (yoki ularning vakillari) tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari keng muhokamalarga sabab bo‘layotganini qo‘shimcha qilgan.

“Tarmoqlardagi muhokamalarda hali yakuniga yetmagan ish bo‘yicha turli bashoratlarga berilishlar, suddan avval “qaror chiqarib qo‘yish” holatlari mavjud , eng yomoni, nizo sudda xolis va beg‘araz ko‘rilishiga asossiz shubhalar ham bildirilmoqda. Bularning hammasi sudga nisbatan ijtimoiy bosim paydo qilayotganiga ta’kid shart emas”, deyiladi xabarda.

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati mavjud vaziyatdan kelib chiqib, ish bo‘yicha taraflarni turli shakl va ko‘rinishda bayonot berishdan tiyilishga, jurnalist va blogerlarni esa shaxsga oid ma’lumotlar hamda sud ishiga doir axborotlarni tarqatishdek nozik va hassos masalaga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirgan.

Jo‘rayevlar ishi

Botir Qodirov shu yilning fevral oyi boshlarida onasining sha’ni, or-nomusi va o‘zining qadr-qimmatini himoya qilish maqsadida otalik faktini belgilash uchun da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan.

Mazkur ish 15 aprel kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida sudya O‘tanboyeva tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan. Biroq javobgar (Zohirshoh Jo‘rayev) vakili ish bilan tanishish uchun sudni boshqa kunga qoldirishni so‘ragan. Birinchi sud majlisi 23 aprel kuni bo‘lib o‘tdi. Bildirilishicha, sud majlisida da’vogar vakilining ko‘rsatmasi eshitilib, guvohlarni ishga jalb etish va qo‘shimcha dalillarni talab qilib olish uchun ishni ko‘rish yana 2 mayga qoldirilgan. 

Da’vo arizasiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazining 2023 yil 29 sentyabrdagi mutaxassis fikri ilova qilingan. Unda Halimjon Nurmatov bilan Botir Sheraliyevich Qodirovning amaki-jiyan ekanligi bo‘yicha fikr berilgan.

Botir Qodirovning o‘zi Jo‘rayevlarni sudga berganiga Sherali Jo‘rayevning to‘ng‘ich o‘g‘li Shohjahon Jo‘rayevning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga uni haqoratlab qo‘ygan posti sabab bo‘lganini aytdi. 

Gap shundaki, xonanda Shohjahon Jo‘rayev o‘zining Instagram sahifasida Botir Qodirovga tegishtirib, noo‘rin so‘zlarni yozgan. Qodirovning prodyuseri Asror Isoxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu post sababli qo‘shiqchi marhum san’atkor Sherali Jo‘rayev oilasini sudga berishga majbur bo‘lgan. 

QALAMPIR.UZ ushbu mavzuga oydinlik kiritish maqsadida Sherali Jo‘rayevning ukasi Halimjon Nurmatov bilan bog‘landi. Buni qarangki, u Botir Qodirov bilan amaki-jiyan ekanini aniqlash uchun DNK tekshiruvi o‘tkazilganini rad etmoqda.

Xonanda Botir Qodirov QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida barcha savollarga javob berib, Sherali Jo‘rayev shubhasiz uning otasi ekani, xonanda 20 yoshga to‘lgunga qadar ota-bola juda ko‘p bordi-keldi qilib turgani, onasiga bo‘lgan tazyiqlar, unda otalik faktini isbotlovchi barcha dalillar borligini aytdi. 

Botir Qodirov bilan to‘liq intervyuni QALAMPIR.UZ’ning YouTube sahifasida tomosha qiling.


Maqola muallifi

Teglar

Sherali Jo'raev Botir Qodirov Shohjahon Jo'raev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing