Xonanda Botir Qodirov yana jarimaga tortildi
Madaniyat-san’at
−
08 iyul 28615 2 daqiqa
Xonanda Botir Qodirov “Shamsiddin Sadoiy” taxallusi bilan tanilgan shoir Shamsiddin To‘rayevning she’ridan ruxsatsiz foydalangani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Bildirilishicha, joriy yilning iyun oyida shoir Shamsiddin To‘rayev tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga mualliflik huquqlari buzilishiga chek qo‘yish, ya’ni mualliflik huquqi buzilishi natijasida yetkazilgan ma’naviy zarar va tovon puli (kompensatsiya) undirish to‘g‘risidagi da’vo arizasi kiritilgan.
Mazkur da’vo arizasi bo‘yicha fuqarolik ishi ko‘rib chiqilib, sudning hal qiluv qaroriga asosan javobgar Botir Qodirovdan da’vogar Shamsiddin Xo‘jayevich To‘rayevning foydasiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 barobari ya’ni 112,5 mln so‘m miqdorida tovon puli hamda 20 mln so‘m ma’naviy zarar undirilishi belgilangan.
Shuningdek, javobgar Botir Qodirov zimmasiga da’vogar Shamsiddin To‘rayevga muallifligidagi “Davlating borida”, “Omonat” va “Tingla do‘stim” nomli qo‘shiqlar ijrosini efirga uzatish, barcha ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish, O‘zbekiston Respublikasidagi barcha davlat va nodavlat teleradiokanallarda, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa platformalarda har qanday tarzda foydalanishni darhol to‘xtatish (qat’iy taqiqlash) majburiyati yuklatilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, muallif huquqbuzardan bazaviy hisoblashning 20 baravaridan 1000 baravarigacha tovon puli talab qilishga haqli hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq ham “Shamsiddin Sadoiy”ning she’rlarini ruxsatsiz ishlatgani uchun 1 mln 875 ming so‘m jarimaga tortilgandi. Shuningdek, xonanda “Abdussamiy” taxallusi bilan tanilgan shoir Shohrux Abduvohidovning “Qizg‘onaman”, “So‘nggi nafasgacha”, “Sog‘indim yomon” hamda “Dildora” she’rlarini ruxsatsiz hamda tegishli tartibda mualliflik haqini to‘lamasdan foydalangani uchun 3 mln so‘m jarimaga tortilgan.
Dilshod Hakimov