Sudda gaplashamiz! – Davletov Toshkent viloyatidagi 781 gektar yer masalasida oxirigacha bormoqchi

Jamiyat

Bir necha kun avval O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 23-yalpi majlisida hisobot bergan Adliya vaziri Ruslanbek Davletov 2021 yilning oktyabr oyida Toshkent viloyatidagi 781 gektar yer maydoni viloyat hokimligi qarori bilan MCHJlardan biriga tanlovsiz, shundoq berib yuborilgani haqida aytgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, Toshkent viloyati hokimligi vazirning gaplariga e’tiroz bildirib, 781 gektar yer maydoni Hukumat qarorlari asosida ajratilganini aytib chiqdi. Shundan so‘ng, Adliya vazirligi miq etmadi. Xo‘sh, bu masalada qaysi faktlarga ishonish kerak: vazir Davletovning aytganlarigami yoki Toshkent viloyati hokimligining?

Ushbu mavzu kecha, 7 fevral kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida yana muhokama qilindi.

QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ayni vaqtda sudda ko‘rilayotgan 781 gektar yer masalasida vazirga yuzlandi

“Adliya vazirligi va hokimlik ish sudda ko‘rilayotganini aytdi. Sud davom etayotgan holatda buni Senatdan turib gapirish qanchalik to‘g‘ri?”, deya so‘radi jurnalist.

“Bu yerda gap qishloq xo‘jaligi yerlari to‘g‘risida ketyapti. Qishloq xo‘jaligi yerlari auksionga chiqarilmaydi, tanlovga chiqarilishi kerak. Bu qaror qabul qilingan vaqtda tanlovga chiqarish mexanizmlari bo‘lmagan. Lekin yerni to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratishni to‘xtatish to‘g‘risida bevosita Prezident farmonida yozilgan bo‘lgan. To‘g‘ri, mexanizmlar yo‘q, lekin yerlar berilmasin deyilgan. Bu yerda “Bu ob’ektiv holat, biz biriktirib berdik”, degan gapni aytishyapti. Men qaysidir shaxs bilan bog‘lab aytmayapman. Lekin farmon nuqtai nazaridan, biz huquqshunos sifatida o‘z pozitsiyamizni aytishimiz kerak. Kimga ishonish yoki ishonmaslik haqida gapirsak, oq va qora deyish juda oson. 700 yil oldin oq va qora degan bo‘lishi mumkin. Lekin hozir rang-baranglik juda ko‘p. Darrov bir joyga tamg‘a bosib, oq yoki qora deyish emas, balki pozitsiyalarni to‘g‘ri tahlil qilish va aytilayotgan asoslarga qarash kerak”, deydi Davletov.

Davletovga ko‘ra, vazirlik tomonidan taqdimnoma berilgan, ammo u bajarilmagan. U shuning uchun ish sudga oshirilganini aytib, bunga asos sifatida Prezident farmonidan foydalanilganini urg‘uladi.

“Biz Prezident farmonida taqiq qo‘yilgan va hech qanday istisno yo‘q, deyapmiz. Lekin “Yerga vaqtincha biriktirilib, o‘sha yerdan foydalanib qolaylik”, deyish to‘g‘risida ham “Asos yo‘q”, deyapmiz. Chunki bizning manbamiz Prezident farmoni, qonundan keyin turuvchi eng katta qonunosti hujjati hisoblanadi. Taqdimnoma berdik, bajarilmadi. Bizning taqdimnomani bajarish shart emas, lekin ko‘rib chiqish shart. Sudga berdik, sudda ko‘rib chiqiladi”, deydi u.

Shu o‘rinda, QALAMPIR.UZ jurnalisti Adliya vaziridan “Ish sudda ko‘rib chiqilsa, uni muhokama qilish mumkinmi?, deb so‘radi.    

“Albatta, muhokama qilaverasiz. Sababi, biz buni vazirlik sifatida berdik. O‘zimizni pozitsiyamizni e’lon qildik. Sud ochiq tarzda bo‘ladi. Biz hech qanday tazyiq o‘tkazayotganimiz yo‘q. Respublikada Toshkent viloyatidan tashqari 150 ta holatda yerni to‘g‘ridan to‘g‘ri berish holatlari bor. Biz sizlarga hammasini berishimiz mumkin. 2022 yilga kelib, 2021 yilning oxirida yer qarorlari chiqqanidan keyin, bu jarayon tugadi”, deydi vazir.

Toshkent viloyatidagi yer masalasida bo‘layotgan muhokamalarga Toshkent viloyati hokimiyati tomonidan munosabat bildirildi. Adliya Vazirligi hokimiyat qolib, QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan xabarga e’tibor qaratdi. Lekin hokimlikning “yerni to‘g‘ri ajratganmiz”, degan iddaolariga javob qila olmadi. Nega? Vazir ushbu savolga quyidagicha javob qaytardi:   

“Men shaxsan hokimiyatning javobini ko‘rmadim. Lekin sizning ham erkinligingiz bor. Bemalol o‘zingizni talqiningizcha, ko‘zga ko‘ringan holatlar bo‘yicha berishingiz mumkin. Biz siz noto‘g‘ri qildingiz, demadik. Bor gapni aytyapsiz, hammasiga iqtibos keltiryapsiz. Bu oddiy jarayon”, deydi Davletov.

Jurnalist xalq vazirlikka ishonishi, ammo hozir hokimiyat vakili Adliyaga qarshi  gapirayotganini ta’kidlab, Ruslanbek Davletovdan holat tafsilotlarini ochiqlashni so‘radi.

“Gapiraversin. Shuning uchun ham sudda gaplashamiz. Hammaning o‘z pozitsiyasi bor. Bilasizmi, haqiqatan juda qiyin konsepsiyaki, ko‘p davlatlar haqiqatning orqasidan quvmaydi. Asos va isbotning orqasidan quvadi. Siz o‘zingizning ishingizni asoslab, isbotlab bersangiz, yutib chiqasiz. Juda ko‘p holatda haqiqatga erishish qiyin. Shuning uchun ham advokatlar kuchayib, o‘zining sohasini isbotlab bersa, o‘shanda shunday bo‘ladi. Ishlaymiz. Biz ham kamchilikdan holi tashkilot emasmiz. Hech kim ideal darajaga yetib kelgani yo‘q. Yetib kelganimizda, bunday rivojlanish darajasi bo‘lmas edi. Ancha kuchaygan bo‘lar edik”, deydi vazir.

Eslatib o‘tamiz, mazkur holat oktyabr oyida sodir bo‘lgani, o‘sha vaqtda viloyatda Davron Hidoyatov hokim lavozimida ishlagani, 2021 yilning 18 noyabr kuni Zoyir Mirzayev hokimlikka tayinlangani, vazirning yer tanlovsiz berib yuborilishi haqidagi fikri Zoyir Mirzayev rahbarlik qilib kelayotgan davr bilan tushunilmasligi kerakligini hisobga olib, QALAMPIR.UZ’da “Hidoyatov davrida 781 gektar yer Prezident farmoniga xilof ravishda berib yuborilgani aytildi” nomli xabar e’lon qilingan edi.

Shundan so‘ng, Toshkent viloyati hokimligi ham rasmiy munosabat berib, Adliya vazirligi keltirgan “iddao”larga zid ma’lumotlarni e’lon qildi. 

Adliya vazirligi Matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva tomonidan e’lon qilingan bayonotda esa boltaning o‘zi qolib, sopiga e’tibor qaratilgan. Ya’ni O‘rinboyeva viloyat hokimligining 781 gektar Hukumat amaldagi qarorlariga rioya qilingan holda ajratilgani haqidagi rasmiy munosabatini chetga surib, QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan maqola va ushbu maqolada Davron Hidoyatov nomi tilga olinganiga e’tiroz bildirgan. Holbuki, viloyat hokimligi vazirning aytganlarini o‘z rasmiy munosabati bilan yo‘qqa chiqargan.

QALAMPIR.UZ shuni takror va takror eslatadiki, e’lon qilingan “Hidoyatov davrida 781 gektar yer Prezident farmoniga xilof ravishda berib yuborilgani aytildi” nomli xabarda keltirilgan qarorni sobiq hokim Davron Hidoyatov tomonidan qabul qilingani haqida umuman so‘z bormagan.


Maqola muallifi

Teglar

Adliya vazirligi 781 gektar Hidoyatov

Baholaganlar

48

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing