Sudanda 130 ayol zo‘rlanishdan qochish uchun o‘zini o‘ldirdi

Olam

image

Sudanda 130 ayol jinsiy tajovuzdan qochish uchun o‘z joniga qasd qildi, ularning ko‘pchiligida huquqni muhofaza qiluvchi organlar ayblanmoqda. Bu haqda huquq himoyachisi Hala Al-Karib Nigeriyaning “News Central” telekanali efirida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu faqat ma’lum holatlar, ayollarning o‘z joniga qasd qilishlari soni aniq statistikadan ham ancha yuqori.

BMT missiyasi, shuningdek, Sudandagi jinsiy zo‘ravonlik haqida xabar berib, uning ko‘lamini “hayratlanarli” deya qayd etgan.

Guruh bo‘lib zo‘rlash, jinsiy qullik va majburiy nikoh qurbonlari bo‘lgan ayollarning yoshi 8 yoshdan 75 yoshgacha. Huquq himoyachilari bunday jinoyatlarning aksariyatida Sudan Tezkor harakat kuchlari a’zolarini ayblamoqda. 2023 yilda ular va Sudan Qurolli kuchlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuv boshlangan, oqibatda 14 million kishi qochqinga aylangan.

Hala Al-Karibning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pgina shaharlarda g‘olib tomonning askarlari ayollar va qizlarni o‘z lagerlariga haydab, ularni o‘sha joylarda tahqirlaydi yoki g‘ayriinsoniy sharoitlarda ushlab turib, jinsiy qullikka majburlaydi.

2024 yilda mamlakatda qo‘lga olingan qizlarni majburan turmushga berish hollari soni keskin oshgan. Huquq faoli bir necha kun oldin qishloqlardan biri qo‘lga olingani va u yerdagi erkaklar o‘ldirilganidan so‘ng 100 dan ortiq ayol harbiylar qo‘liga tushib qolmaslik uchun o‘z joniga qasd qilganini ham eslatgan.

Mamlakatdagi mustaqil xalqaro faktlarni aniqlash missiyasi rahbari Muhammad Chande Usmonga ko‘ra, hozirda Sudanda xavfsiz joy yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Qizilo‘rda shahrida 16 yoshli qiz 2024 yilning fevral oyidan boshlab olti oy davomida sinfdoshlari tomonidan jinsiy qullikda saqlangani ma’lum bo‘lgandi. Ayblanuvchilar qizni “Mefedron” ichishga majburlab, giyohvand moddalarga o‘rgatgan, uni fohishalar veb-saytida ro‘yxatdan o‘tkazgan, turli erkaklar bilan ming martadan ortiq jinsiy aloqa qilishga majburlagan va yana turli xil qiynoqlarga solgan.


Maqola muallifi

Teglar

jinsiy zo'ravonlik Sudan ayol

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing