Sudya jurnalistlarga tilini chiqargani uchun baloga qoldi (video)
Olam
−
20 avgust 2025 14284 2 daqiqa
Joriy yilning 18 avgust kuni Qozog‘istonning Chimkent shahridagi sud majlisida sudya Abinur Qorabayev jarayonni videoga olayotgan jurnalistlarga tilini chiqardi. Ushbu video jurnalist Botagoz Umarova tomonidan kameraga yozib olingan va Facebook sahifasiga joylangan.
Qayd etilishicha, voqea shahar hokimi o‘rinbosari Ruslan Berdenovga uyushtirilgan hujum ishi bo‘yicha sud jarayonida sodir bo‘lgan. Jurnalist Botagoz Umarova bu videoni o‘zining Facebook sahifasida e’lon qilgan va hodisaga hazil bilan yondashgan.
Sudyaning g‘ayrioddiy grimasi tushirilgan video tezda ijtimoiy tarmoqlar va OAV orqali tarqalib, keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Berdenovga uyushtirilgan hujum ishi mintaqada eng ko‘p muhokama qilinayotgan masalalardan biri bo‘lib, jabrlanuvchining yuqori lavozimi va jamoatchilikning katta qiziqishi jarayonni jurnalistlar e’tibor markazida saqlab turibdi. Ehtimol, aynan shu omillar sudyaning noodatiy xatti-harakatiga turtki bo‘lgan.
Qozog‘iston internet tarmoqlarida Abinur Qorabayevning bu ishiga munosabat turlicha bo‘lgan: ba’zilar uni sud hokimiyatining bunday harakatini noprofessional deb qoralagan, ba’zilar esa hazil va memlar bilan qarshi olgan.
Qozog‘iston sud tizimi rahbariyati voqeaga tezkor munosabat bildirgan. Rasmiy bayonotda bu holat yuzasidan xizmat tekshiruvi boshlangani ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ruslan Berdenovga suiqasd ishi doirasida davlatga qarashli “Turg‘un uy Chimkent” korxonasining sobiq rahbari Ernar Jiyembay aybdor deb topilib, 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.
Live
Barchasi