Sud va prokuratura qidiruvida bo‘lgan yana ikki kishi ushlandi
3-sahifa
−
05 mart 5538 1 daqiqa
Buxoro viloyatida suddan va tergovdan yashiringan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ulardan biri – Sh.G. ismli shaxs Olot tumani hududida yashiringan manzilida qo‘lga olingan va 4-sonli tergov hibsxonasiga joylashtirilgan. U Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi va 169-moddasi (o‘g‘rilik) 3-qismida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etib, suddan yashiringani uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudi tomonidan qidiruv e’lon qilingan edi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etib, tergovdan yashiringani uchun Peshku tuman prokuraturasi tomonidan qidiruv e’lon qilingan I.A. ismli shaxs Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida ushlangan. U Shahrisabz shahridagi vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bir nechta jinoyatlarda ayblanib, Romitan tuman IIB tomonidan qidiruvga berilgan shaxs Toshkent shahrida qo‘lga olingandi.