Sud tizimida adolat tantana qilgan, desak xato bo‘ladi – Oliy sud raisining yangi o‘rinbosari
Jamiyat
−
19 noyabr 2022
8278Odamlar sudlardan rozi, bu tizimda adolat tantana qilgan, deb maqtansak xato bo‘ladi. Bu tanqidlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga besh yil muddatga saylangan Shuhrat Polvonovga tegishli.
Oliy sudda yuqori lavozimni egallaganiga hali bir necha soat bo‘lgan Polvonovdan bugungi sud tizimi va undagi kamchiliklar haqida so‘radik. O‘tgan olti yilda Prezident boshchiligida sud-huquq sohasida ko‘plab islohotlar amalga oshirilganini aytib gap boshlagan Polvonov, sudlarda avvalgiga qaraganda o‘zgarish borligini aytib, kamchiliklarni ham sanamay o‘tmadi.
“Sud tizimida avvalgiga qaraganda o‘zgarish bor. Buni avvalgi sud tizimi bilan solishtirsak ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Lekin, tizimning o‘ziga yarasha kamchiliklari yo‘q emas. Fuqarolarimiz sudlardan rozi, tizimda adolat tantana qilgan, deb maqtansak xato bo‘ladi. Deputatlik faoliyatimda fuqarolar bilan bevosita uchrashib, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatganman. Muammolardan yetarli darajada xabardorligim bor. Iqtisodiyotda tadbirkorlarning o‘rni katta. Tadbirkorlar, fuqarolar o‘rtasida yuzaga keladigan iqtisodiy nizolarning to‘g‘ri hal etilishi iqtisodiyot rivojlanishining ko‘rsatkichlaridan biri, desak ham to‘g‘ri bo‘ladi.
Sud tizimidagi kamchiliklarni sanaydigan bo‘lsak, eng katta kamchiliklardan biri bu – fuqarolar iqtisodiy sudga borsa, ish fuqarolik sudga tegishli ekani, unisiga borsa, bunisining ishi ekanligini aytishdir. Shunday kamchiliklarni bartaraf qilish uchun qonun loyihalari muhokama qilinmoqda, qabul qilinsa, “yagona darcha” tizimi tashkil qilinadi. Bunda fuqaro ishini iqtisodiy sudga bersayu, lekin, ish fuqarolik sudiga aloqador bo‘lsa, sudlarning o‘zi ma’lumotlarni almashib oladi. Bu – fuqarolarni ortiqcha ovora bo‘lmasliklariga xizmat qiladi. Menimcha, bu agar ish bersa, ijobiy yechim, deb aytishimiz mumkin", deydi Shuhrat Polvonov.
Polvonovga ko‘ra, shu yilning o‘zida o‘ndan ortiq sudyalarning vakolati muddatidan oldin tugatilgan. Jazolash mexanizmi borligi yaxshi, ammo sudyalarni jazolash bilangina odamlarni odil sudlovga bo‘lgan ishonchini orttirishning iloji yo‘q.
“Odamlarda sudning qarorlariga, ish sifatiga nisbatan noroziliklar bor. Lekin, bular tuzatish mumkin bo‘lgan kamchiliklar, deb hisoblayman. Bu holatda asosiy e’tiborni sudyaning malakasini oshirishga qaratish kerak. 2022 yilning o‘zida Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan o‘ndan ortiq sudyalarning vakolati muddatidan ilgari tugatildi. Bir nechta sudyalarning ishlari qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan. Bu – jazolash mexanizmining borligining isboti.
Sudyani jazolash bilan odamlarni odil sudlovga bo‘lgan ishonchini orttirolmaymiz. Sudyaning tajribasini oshirish, odamlarga adolatni taqdim etishimiz uchun muhim omil bo‘ladi. Maqsadimiz, birinchi navbatda, fuqarolarni rozi qiladigan sud tizimiga erishish”, deydi hali lavozimga kirishmagan Oliy sud raisining o‘rinbosari Shuhrat Polvonov.
Ma’lumot uchun, Shuhrat Tog‘aymurodovich Polvonov 1977 yil 11 dekabrda Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida tug‘ilgan. 2002 yilda esa Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. 44 yoshli advokat “Adolat” Sotsial-demokratik partiyasining a’zosi hisoblanadi.
U 2015–2020 yillar davomida Nurobod saylov okrugidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi a’zosi sifatida faoliyat yuritgan.
Qayd etish joiz, 2017 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimida ishlab kelgan Baxtiyor Isoqovning vakolat muddati shu yilning oktyabr oyida tugagan edi. Shundan so‘ng sobiq Oliy sud raisi o‘rinbosari Sirdaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi lavozimiga tayinlangan.
LiveBarchasi