O‘zbekistonda Fransiya vizasi uchun hujjat topshirish tartibi o‘zgaradi
Olam
−
28 iyun 3798 1 daqiqa
Joriy yilning 1 iyuldan boshlab Toshkentdagi TLScontact viza markazida Fransiyaga qisqa muddatli vizalar uchun yangi uchrashuv tizimi ishga tushiriladi. Bu haqda kompaniya saytida xabar qilindi.
Qayd etilishicha, endilikda arizachilar uchrashuv sanasini onlayn tarzda mustaqil tanlab, band qila olmaydi. Buning o‘rniga tizim mavjud bo‘sh joylardan kelib chiqib, uchrashuv sanasini avtomatik ravishda belgilaydi.
Yangi tartib faqat 90 kungacha bo‘lgan turistik vizalar uchun amal qiladi. Qolgan barcha viza toifalari bo‘yicha uchrashuvni bron qilish tartibi o‘zgarishsiz qoladi.
Yangi tizimga ko‘ra, avvalo arizachi TLScontact saytida ro‘yxatdan o‘tib, viza uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etadi. Ariza qabul qilingach, u navbatga qo‘yilgani haqida tasdiqlovchi xabar yuboriladi. Bo‘sh vaqt paydo bo‘lgach, arizachiga elektron pochta orqali uchrashuv sanasi haqida xabarnoma yuboriladi. Shundan so‘ng arizachi xizmat haqini to‘lash va uchrashuvni tasdiqlash uchun 24 soat vaqtga ega bo‘ladi. Belgilangan muddat ichida tasdiqlanmagan uchrashuv bekor qilinishi mumkin.
Qayd etilishicha, mazkur tizim viza arizachilarini firibgar vositachilar va qimmat uchinchi tomon agentliklaridan himoya qilish, shuningdek, barcha arizachilar uchun uchrashuvlarga adolatli va shaffof kirishni ta’minlash maqsadida joriy etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya joriy yil 1 iyuldan boshlab xorij fuqarolari uchun viza rasmiylashtirish narxini besh barobarga oshirishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi