Sud Tailand Bosh vazirini lavozimidan chetlatdi

Olam

image

Tailand Bosh vaziri Pxetxongtxan Chinavat iste’foga chiqishga majbur bo‘lmoqda. Mamlakat Konstitutsiyaviy sudi 39 yoshli hukumat rahbari qo‘shni davlat siyosatchisi bilan telefon suhbatida axloqiy tamoyillarni buzgan va o‘z lavozimini tark etishi kerak, deb qaror qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Tailand parlamenti 2024 yilning avgust oyi o‘rtalarida Pxetxongtxan Chinavatni yangi Bosh vazir etib saylaganida, bu mamlakat tarixida ikkinchi marta ayol kishining hokimiyat tepasiga kelishi bo‘ldi. 37 yoshida Chinavat Janubi-Sharqiy Osiyo davlati tarixidagi eng yosh Bosh vazirga aylandi. Uning otasi, 2008 yilda mamlakatdan qochib, 2023 yilda qaytib kelgan Taksin Chinavat va uning singlisi Yinglak Chinavat avvalroq hukumatni boshqargan edi.

Sud qarori e’lon qilingandan so‘ng mamlakat Vazirlar Mahkamasi butunlay iste’foga chiqishi kerak, biroq u yangi hukumat tuzilmaguncha hokimiyatda qoladi. Muvaqqat bosh vazir Pxumtam Vechayachay ham parlament yangi hukumat rahbari to‘g‘risida qaror qabul qilgunga qadar o‘z vazifalarini bajarishda davom etadi.

Pxetxongtxan Chinavat va Kambodja Senati raisi Hun Sen o‘rtasidagi 15 iyun kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbati davomida Pxetxongtxan Tailand armiyasining ta’sirli shaxslaridan biri – 2-harbiy okrug qo‘mondoni haqida tanqidiy fikr bildirgan. Aynan ushbu bayonot jamoatchilik va siyosiy doiralarda kuchli norozilikka sabab bo‘ldi.

Gap shundaki, joriy yilning may oyida Kambodja bilan chegaradagi qurolli to‘qnashuvda bir kambodjalik askar halok bo‘lgach, bu masala ikki davlat o‘rtasida keskin tortishuvlarga sabab bo‘lgan. Pxetxongtxan ushbu muammoni yumshatishga harakat qilganini aytgan, ammo uning telefon orqali Tailand harbiylarini, ayniqsa jangovar harakatlar tarafdori sifatida ko‘rilayotgan qo‘mondonni tanqid qilishi muhim “qizil chiziq”ni bosib o‘tish sifatida ko‘rildi.

Pxetxongtxan keyinchalik bu so‘zlarni “muzokara taktikasining bir qismi” sifatida ham tushuntirgan va uzr so‘ragan, biroq bu yetarli bo‘lmadi. Bangkok markazida minglab konservativ va millatchi norozilar uning iste’fosini talab qilib miting o‘tkazdi.

Shundan so‘ng 36 nafar senator bosh vazirni etika normalarini buzganlikda ayblab sudga murojaat qilgan. Sud Pxetxongtxanga nisbatan yakuniy qaror chiqarilguniga qadar uni bosh vazirlik vazifalarini bajarishdan vaqtincha chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 38 yoshli Pxetxongtxan Chinnavat ushbu lavozimni bor-yo‘g‘i 10 oy avval egallagan edi. Qiziq tomoni shundaki, u ham ilgari etik me’yorlarni buzganlikda ayblanib lavozimidan ketgan sobiq bosh vazir o‘rnini egallagandi. Xususan, Tailand Konstitutsiyaviy sudi oldingi bosh vazir Settha Txavisinni “qo‘pol tarzda” axloq me’yorlarini buzganlikda ayblab lavozimidan ozod etdi. Sud qaroriga uning ilgari qamoq jazosini o‘tagan bir shaxsni vazir etib tayinlagani sabab bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tailand Pxetxongtxan Chinavat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing