Sud “QURAMAX MEDIKAL”ning litsenziyasini tugatdi

3-sahifa

image

Bugun, 13 yanvar kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining  "QURAMAX MEDIKAL” MCHJga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan 2019 yil 10 dekabrdagi P6580-ro‘yxat raqamli litsenziyani bekor qilish va qo‘llash uchun yaroqsiz dori vositalarini muomaladan chiqarib, yo‘q qilish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi. 

Sudning hal qiluv qarori bilan “QURAMAX MEDIKAL” MCHJga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan 2019 yil 10 dekabrdagi P6580-sonli litsenziya bekor qilinishi va qo‘llash uchun yaroqsiz dori vositalari muomaladan chiqarilib, yo‘q qilinishi belgilandi.

Mazkur iqtisodiy ish bo‘yicha taraflar e’lon qilingan hal qiluv qarori ustidan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda shikoyat qilish mumkin.

Sudning huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ushbu hal qiluv qarori, agar apellyatsiya shikoyati (protesti) berilmasa, qabul qilinganidan keyin o‘n kun o‘tgach qonuniy kuchga kiradi.

Shuningdek, mazkur iqtisodiy ishga doir vakolatli idora va mansabdor shaxslarning xatti-harakati yoki harakatsizligi yuzasidan qonun talablari buzilganligi bo‘yicha huquqiy baho berish haqida xususiy ajrim chiqarilib, Toshkent shahar prokuraturasiga yuborilishi belgilandi. Ushbu ajrim ustidan belgilangan tartibda shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2022 yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.

Shuningdek, Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.

28 dekabr kuni Qashqadaryoda “Dok-1 Maks” siropini ichib yana bir bola hayotdan ko‘z yumgani e’lon qilindi. Namanganda xai “Dok-1 Maks” dorisini qabul qilgan bola vafot etdi. Hozirda ushbu doridan vafot etgan bolalar soni 20 taga yetdi.

Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi.

Keyinroq Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to‘xtatgani ma’lum qilindi. Shuningdek, mazkur komaniya tomonidan ishlab chiqarilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi ham to‘xtatildi.

2023 yil 2 yanvar kuni Farg‘onada 3 yashar bola “Dok-1 Maks” siropini ichishi oqibatida doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanayotgani ma’lum qilindi. Sirdaryo viloyatida ham “Dok-1 Maks” siropidan 7 bemor zaharlangani, ularning 4 nafari sog‘aygani va 3 nafari ayni vaqtda jonlantirish bo‘limida ekani haqida xabar berilgandi.

Avvalroq, “Dok-1 Maks” tarkibida me’yordan 300 baravar ortiq zaharli modda borligi aniqlandi. Bundan tashqari, Toshkent viloyatida 9 nafar bola “Dok-1 Maks”dan zaharlangani haqida xabar berildi.

2023 yilning 11 yanvar kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyo aholisini “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siroplaridan saqlanishga chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing