“Ichidagi odami bilan ko‘mib tashlaysan”. Buxoro hokimining gapi norozilikka sabab bo‘lmoqda (video)

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning bir guruh amaldorlarga qandaydir binoni buzib tashlash bo‘yicha topshiriq bergani va ularning ichidagi odami bilan ko‘mib tashlash kerakligini aytgani aks etgan videolar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat hokimligi raddiya berdi. 

“Bog‘cha hududiga kirganlarning hammasining huquqiy hujjatlarini ko‘tarasan. Yo‘g‘ini hech kimni eshitmasdan buzasan. Mo‘min. Sud-pud demasdan bo‘zib tashlaysan. Bugunning o‘zida buzib tashlaysan. Narsasi, ichidagi odami bilan ko‘mib tashlaysan. Bo‘ldi endi, sud-pud deb, hammasini erkalatganimiz. Orqadan eshik ochganning hujjatini ko‘rasan”, deydi hokim Botir Zaripov ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan videoda.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 22 may kuni hokim Botir Zaripov boshchiligidagi ishchi guruhi Buxoro shahridagi 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarining borishini ko‘zdan kechirgan. 

Bildirilishicha, 140 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur muassasa 1961 yilda qurilgan va hozirda ta’mirtalab holga kelib qolgan. O‘tkazilgan xatlovga asosan mahalliy byudjet hisobidan zarur mablag‘lar ajratilib, bog‘chada kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Hokimlik axborot xizmatiga ko‘ra, o‘rganish chog‘ida viloyat hokimi qurilish ishlarini jadallashtirish va qisqa muddatda yakunlash yuzasidan shahar hokimligi va soha mas’ullariga topshiriqlar bergan. 

Shuningdek, o‘rganish jarayonida Zaripov davlat bog‘chasi hududi obodonlashtirilmagani, bog‘chaga tutash bo‘lgan hududdan o‘zboshimchalik bilan egallangan umumiy ovqatlanish ob’ekti egasi tomonidan bog‘cha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufiyona noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagi ochilgani, bundan tashqari bog‘cha hududining bir qismida yuqori kuchlanishli transformator atrofi temir panjara bilan o‘rab olinmaganligi yuzasidan e’tirozlarini bildirgan.

“Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, viloyat hokimlari zimmasiga muassasalarning xavfsizligini ta’minlash, shu jumladan, hududlar atrofini o‘rash, ularga huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha inspektorlarni biriktirish, kuzatuv kameralari va yong‘inga qarshi signalizatsiya tizimlarini o‘rnatish choralarini ko‘rish, shuningdek, muassasa hududining va ko‘chmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda ta’minlash vazifalari yuklatilgan”, deyiladi xabarda. 

Hokimlikning iddao qilishicha, videolavhada tilga olingan “buzib tashla” jumlasida aynan o‘sha bog‘cha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufiyona, noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagini bartaraf etilishi nazarda tutilgan. 

“Bunda, viloyat hokimi tomonidan 140 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchilarini xavfsizligi hamda yuz berishi mumkin bo‘lgan turli noxush, noqonuniy holatlarni oldini olish – asosiy maqsad bo‘lgan”, deyiladi raddiyada. 

Buxoro hokimligining qo‘shimcha qilishicha, tarmoq faollari va foydalanuvchilari aynan shu jumlani “hokim xususiy bog‘chalarni buzib tashlash bo‘yicha topshiriq beryapti” tarzida muhokama qilmoqda. Bu esa mutlaqo asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. 

Shuningdek, hokimlik viloyatning boshqa shahar-tumanlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalarida bu kabi holatlarni o‘rganish va zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Buxoro shahar hokimining tegishli o‘rinbosariga “hayfsan” intizomiy chorasi qo‘llanilgani, noqonuniy yo‘lak bartaraf etilgani hamda o‘rganish olib borilgan 2-son davlat maktabgacha ta’lim ta’lim muassasasidagi jarayon tasvirga olinib, mutasaddilarga yuborilgani va shu tariqa keng tarqalganini yozgan.

“Shu o‘rinda alohida ta’kidlamoqchimiz, viloyatda qonun ustuvorligi ta’minlanadi, bironta noqonuniy buzilish qilinmaydi. Ushbu holatda viloyat hokimi tomonidan topshiriq berish paytida ayrim rahbarlarning mas’uliyatini oshirish uchun hissiyotli gapirishga to‘g‘ri kelgan”, deyiladi hokimlik raddiyasida. 

Ammo ijtimoiy tarmoqlar hokimlik ta’kidlaganidek, xususiy bog‘chalarning buzilishiga e’tibor qaratmagan. Ular hokimning “ichidagi odami bilan ko‘mib tashlaysan”, degan qo‘pol jumlasini nazarda tutyapti, lekin hokimlik o‘z raddiyasida bu ibora nima sababdan tilga olingani haqida hech narsa bildirmagan. 

“Bog‘cha hududiga kirganlarning hammasining huquqiy hujjatlarini ko‘tarasan. Yo‘g‘ini hech kimni eshitmasdan buzasan. Sud-pud demasdan buzib tashlaysan. Bugunning o‘zida buzib tashlaysan. Narsasi, ichidagi odami bilan ko‘mib tashlaysan. Bo‘ldi endi, sud-pud deb, hammasini erkalatganimiz. Orqadan eshik ochganning hujjatini ko‘rasan”, degan Zaripov.

Shu o‘rinda yana hokimning “sud-pud demasdan buzib tashlaysan”, degan jumlasiga e’tibor berish kerak. Bunda Zaripov sud qarorini inobatga olish kerak emasligini aytgan. Vaholanki, O‘zbekistonda voqeaga yoki nizoga rasmiy qaror chiqarishda sud hokimiyatining ustunligi mavjud, ya’ni sud qarori – yakuniy va majburiy huquqiy kuchga ega. Hokimda esa bunday vakolat yo‘q. U ijro hokimiyati vakili, ya’ni qaror ijrosini ta’minlaydi. Viloyat, tuman va shahar miqyosida qarorlar qabul qiladi (masalan, yer ajratish, tadbir o‘tkazish, infratuzilma). Lekin bu qarorlar sud qarorlariga zid bo‘lishi mumkin emas. Agar biror fuqaro yoki tashkilot hokim qaroridan norozi bo‘lsa, sudga murojaat qilib, uni bekor qildira oladi. 

Qolaversa, Konstitutsiyaning 138- moddasiga ko‘ra, sud hokimiyatining hujjatlari barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar uchun majburiydir. Bu esa sud qarorlariga hokimlar ham bo‘ysunishi kerakligini anglatadi.


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro Sud Botir Zaripov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing